Hukumatning 10-martdagi tegishli qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “UzA” xabar berdi.
Bunda ta’lim grantiga talabgorlardan joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha GPA 3,5 va undan yuqori bo‘lishi kerak. Bu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan talabalar ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat berilmaydi va ta’lim granti o‘rni vakant sifatida qoladi.
Grantga talabgorlar uchun OTMlarning rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.
Ularning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi. Bunda GPA ko‘rsatkichi baholarni “16” soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.
Ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi esa 20 ballik mezonda baholanadi, bunda baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligi quyidagi talablar asosida aniqlanadi:
- kitobxonlik madaniyati;
- “5 muhim tashabbus” doirasidagi to‘garaklarda faol ishtiroki;
- akademik o‘zlashtirish;
- OTMning ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksiga rioya etishi;
- xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi ko‘rik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari;
- darslarga to‘liq va kechikmasdan kelish;
- “Ma'rifat darslari"dagi faol ishtirok;
- volontyorlik va jamoat ishlaridagi faollik;
- teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflar;
- talabalarning sport bilan shug‘ullanishi va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi;
- ma’naviy-ma'rifiy sohaga oid boshqa yo‘nalishlardagi faolligi.
Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi. Agar o‘zlashtirish ko‘rsatkichida ham bir xil natija aniqlansa, ular uchun o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25-avgustga qadar OTMlar saytida e’lon qilinadi.
2024-yilning may oyidagi prezident farmoni bilan grantlar birinchi kursda OTMlarga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga berilishi, ikkinchi va undan keyingi kurslarda esa yuqori ko‘rsatkichlariga erishgan va faol talabalar orasida tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanishi belgilangandi.