Qozog‘iston boshqa davlatlardan, shu jumladan YOIIga a’zo mamlakatlardan ham tuxum importini taqiqlashni rejalashtirmoqda. Hujjat loyihasi Qozog‘iston normativ-huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
Hujjat muallifi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bo‘lib, tegishli qaror 12-mart kuni qabul qilinib, 20-martgacha muhokamaga qo‘yilgan.
Taqiq qabul qilinganda, import cheklovlari olti oy — joriy yilning aprel oyidan sentabr oyigacha amal qiladi.
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YOII) 2014-yilda tashkil etilgan. Unga Belarus, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Armaniston kiradi. O‘zbekiston Eron, Kuba va Moldova bilan bir qatorda tashkilotning kuzatuvchisi maqomiga ega.
“Tuxum importiga taqiq joriy etilishi Qozog‘istonda tuxumchilik sohasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va shaffof narx zanjirini shakllantirish imkonini beradi”, — deyiladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabarida.
Qayd etilishicha, mamlakatning g‘arbiy hududlarini ta’minlash uchun Memorandum doirasida boshqa hududlardan tuxum yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lib, unda bozor ishtirokchilari soni tartibga solinadi va narxlarning yuqori chegarasi belgilanadi.
“Bu ko‘pincha ulgurji sotuvchilar tomonidan qo‘llaniladigan spekulyatsiyaning oldini oladi va ishlab chiqaruvchilarga bosim o‘tkazadi. O‘tgan yillarga o‘xshab, apreldan sentyabrgacha bo‘lgan bahor-yoz mavsumida barcha turdagi transport vositalarida parranda tuxumlarini olib kirishga olti oy muddatga vaqtinchalik taqiq joriy etishni taklif qilamiz,” — deyiladi tushuntirish xatida.
Avvalroq “Spot” Qozog‘iston kartoshka eksportini vaqtincha to‘xtatgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kartoshka narxining keskin oshishi fonida hukumat uchinchi mamlakatlarga eksportni olti oyga chekladi.