Qozog‘iston Senati deputatlari 13-mart kuni O‘zbekiston bilan “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat hamkorlik markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ratifikatsiya qildilar, deya xabar bermoqda “Zakon.kz”.
Markaz Qozog‘iston va O‘zbekiston qismlaridan tashkil topadi. Markazning har bir qismi o‘z davlati yurisdiksiyasida bo‘ladi. Markazning asosiy vazifalari davlatlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish, tomonlar davlatlarining kichik va o‘rta sanoat korxonalarini xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjiriga integratsiyalashdan iborat.
Qayd etilishicha, markazni Qozog‘iston tomonidan Savdo va integratsiya vazirligi, O‘zbekiston tomonidan esa Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshqaradi.
Markaz tomonlar davlatlarining chegara hududlarida, davlat chegarasi chizig‘ining ikki tomonida joylashgan. Markazning umumiy maydoni 100 gektar bo‘lib, shundan Qozog‘iston qismining maydoni — 50 gektarr, O‘zbekiston qismining maydoni — 50 gektarni tashkil etadi.
Senator Alisher Satvaldiyevning ta’kidlashicha, markaz ishlab chiqarish maydonlari, omborxonalar va transport infratuzilmasidan iborat bo‘ladi.
Bunday yechim yuk tashishni tezlashtirish, logistika xarajatlarini kamaytirish, ta’minot zanjiridagi ishtirokchilar sonini qisqartirish, yakuniy iste’molchi uchun mahsulot narxini pasaytirish va yetkazib berish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
“Turkiston viloyati o‘tkazgan ochiq tanlov natijasida „Trans Continental Logistic Gr“ kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investor sifatida belgilandi. Investor markazning ichki va tashqi infratuzilmasiga mablag‘ yo‘naltiradi. Dastlabki baholarga ko‘ra, zarur sarmoyalar taxminan 27 mlrd tengeni tashkil etishi kutilmoqda,” deya tushuntirdi u.
Hozirgi kunda investor markazni zarur infratuzilma bilan ta’minlash maqsadida loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqmoqda. Texnik ishga tushirish 2026-yilning to‘rtinchi choragida, rasmiy ochilish esa 2027-yilning birinchi yarmida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Senator Gennadiy Shipovskix qo‘shimcha qilishicha, loyiha doirasida 5,5 mingta yangi ish o‘rni yaratilib, 2032-yilgacha 50 mlrd tengedan ortiq investitsiya jalb etish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Spot” Qozog‘iston O‘zbekiston bilan chegarada savdo markazini tashkil etishi haqida yozgandi.
Mamlakat 2026-yilgacha qo‘shni davlatlar bilan beshta chegara savdo xabini qurishni rejalashtirmoqda.