“Apple” “AirPods” uchun real vaqt rejimida suhbatlarni boshqa tilga tarjima qilish imkonini beruvchi yangi funksiyani ishlab chiqmoqda. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar bermoqda.
Funksiya “AirPods” uchun dasturiy yangilanishning bir qismi bo‘ladi. Bu imkoniyat joriy yil oxiriga mo‘ljallangan iOS 19 yangilanishi bilan paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Mazkur funksiya quyidagicha ishlaydi: foydalanuvchi chet tilida nutqni eshitganda, iPhone uni tarjima qiladi va natijani foydalanuvchining ona tilida AirPods’ga uzatadi. Foydalanuvchi javob berganda, uning nutqi suhbatdoshining tiliga tarjima qilinadi va iPhone karnayi orqali ijro etiladi.
Ilgari “Google” “Pixel Buds” shunga o‘xshash imkoniyatni taklif qilgan bo‘lsa, “Apple” 2020-yildan beri o‘rnatilgan “Tarjima” ilovasini taqdim etmoqda.
Biroq, “AirPods"ga ushbu funksiyaning integratsiyalashuvi turli tillarda yanada qulay va uzluksiz muloqot tajribasini yaratadi.
“Apple” hozircha mazkur ma’lumotlarga izoh bermayapti.
Tarjima funksiyasi “Apple” dasturiy ta’minotining keng ko‘lamli yangilanishining bir qismi bo‘ladi. Kompaniya butun tarixdagi eng yirik iOS va macOS redizaynini, shuningdek, iOS 19'ga tarjima qilishning kengaytirilgan imkoniyatlarini tayyorlamoqda.
Avvalroq “Spot” “Apple” har yili yangi mahsulotlarni chiqarishdan voz kechishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, kompaniya bir vaqtning o‘zida ko‘plab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish texnik muammolarga olib kelishini tushunmoqda.