Toshkent shahrida 200 mingdan ortiq pullik avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilgan. Bu haqda 12-mart kuni poytaxt hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Toshkent Invest” kompaniyasi raisining raqamli transformatsiya va axborot texnologiyalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurko ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.
Birinchi bosqichda yo‘l bo‘yidagi avtoturargohlar uchun 13−14 ming o‘ringa mo‘ljallangan 86 ta uchastkani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Xususan, birinchi pullik avtoturargohlar sinov tariqasida mart oyida — ehtimol, Mirobod va Yakkasaroy tumanlarining ayrim ko‘chalarida ishga tushiriladi. Joriy yilning iyul oyidan boshlab pullik avtoturargohlar ommaviy ravishda joriy etilishi kutilmoqda.
Gurko Toshkent shahar yagona parking axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tenderda g‘olib chiqqan “Streetpark Systems” kompaniyasi hozirda mobil ilova yaratish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi. U orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pullik avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga bo‘lingan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘m. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgandan so‘ng eng yuqori tarif 30 ming so‘m etib belgilandi.
Pullik to‘xtash joylari tashkil etiladigan hududiy zonalar
Pullik to‘xtash joylarini joriy etish orqali hokimlik tirbandliklarni kamaytirish va harakat tezligini oshirishni kutmoqda. Masalan, Said Baraka ko‘chasining bir qismida 250 ta avtoturargoh tashkil etilmoqda.
Natijada tartibga solingan avtoturargoh tirbandlikni 18% ga kamaytirishi, o‘rtacha harakat tezligini 14% ga oshirishi (37 km/soatdan 42 km/soatgacha) va kommunal xizmatlar uchun qulay sharoit yaratishi prognoz qilinmoqda. Xuddi shunday hisob-kitob To‘ytepa ko‘chasining 65 o‘rinli qismi uchun ham o‘tkazildi: tirbandliklar 20% ga kamayadi, o‘rtacha harakat tezligi esa 15% ga — soatiga 35 km.dan 40 km.gacha oshadi.
Avtoturargoh uchun to‘lovlarni nazorat qilish maxsus planshetlar va avtomobillar bilan joylarda tekshiruvchi videokuzatuv kameralari yordamida amalga oshiriladi. To‘lov qilmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik faqat 2026-yildan boshlab joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari, Aleksandr Gurko Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlarni tashkil etish uchun joylar o‘rganilishini, ular odamlar gavjum nuqtalar, jumladan, bozorlar yaqinida qurilishini ta’kidladi. Shuningdek, avtotransport yo‘llariga yaqin joyda joylashgan avtoturargohlarni tashkil etish imkoniyati o‘rganilmoqda. Bu ishlarni 3 oyda yakunlab, natijalari bo‘yicha taqdimot qilish rejalashtirilgan.
2024-yilning mart oyida transport vaziri Ilhom Mahkamov Sergeli tumani va Chorsu bozori yaqinida ko‘p qavatli avtoturargohlar qurilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Toshkent shahrida 4 ta avtoturargoh qurish loyihasi davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi.
Toshkentda pulli avtoturargohlar
2024-yilning oktabrida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov Toshkentda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etishga qaratilgan qarorni imzoladi. Unga ko‘ra, 2025-yilning avgust oyi oxirigacha 13,2 mingta pullik “parkovka” tashkil etish, kelgusida ularning sonini 84 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan oldin hokimlik poytaxtda pulli to‘xtab turish joylarini tashkil etish tartibini tasdiqlangandi. Barcha tumanlarda ijaraga beriladigan maydonlarning umumiy hajmi 262,8 ming kv.metrni tashkil etadi. Operator Toshkentning barcha tumanlaridagi ko‘chalardagi nuqtalarni uch yil muddatga boshqarishga oladi va ularni texnik jihozlash uchun kamida $5 mln investitsiya kiritishi kerak bo‘ladi.
Noyabr oyi oxirida o‘tkazilgan birinchi auksionda “Balcomuz” qo‘shma korxonasi g‘olib bo‘lgandi. Kompaniya avtoturargohlar ijarasi uchun taxminan 120 mlrd so‘m taklif qilgan, ammo kelishuv tasdiqlanmagan.
Dekabr oyi o‘rtalariga kelib, “Streetpark Systems” poytaxt ko‘chalarida pullik 'parkovka"larni tashkil etish huquqi uchun takroriy savdolarda g‘olib chiqdi. Ushbu kompaniya auksionning ikkinchi bosqichida “parkovka” maydonlarini 3 yilga ijaraga olish uchun 62,93 mlrd so‘m taklif etdi.
Avvalroq 7-martdan Toshkentda yo‘llarni ta’mirlash boshlangani haqida xabar berilgandi. Ishlar transport harakati faol bo‘lgan ko‘chalarda amalga oshirilib, umumiy maydoni 65 ming kvadrat metrdan ortiq yo‘llar ta’mirlanadi.