O‘zbekistonda yuridik shaxslarga kommunal to‘lovlarni mobil ilovalar orqali onlayn to‘lashga ruxsat beriladi. Bu bo‘yicha 13-mart kuni Adliya vazirligi tomonidan Markaziy bank boshqaruvi raisining tegishli buyrug‘i davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, 2021-yilning aprel oyida regulyator boshqaruvi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari to‘g‘risida nizomiga qo‘shimcha kiritildi.
Endilikda yuridik shaxslar mobil ilovalar orqali elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni milliy valyutadagi korporativ bank kartalaridan foydalangan holda amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
2024-yilning dekabr oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan belgilangan yo‘l xaritasida yuridik shaxslarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni korporativ kartadan mobil ilovalar orqali to‘lovlarni amalga oshirish tizimini joriy etish belgilangandi.
Bu bo‘yicha Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” hamda “Hududgazta'minot"ga normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqib, joriy yilning fevraligacha kiritish vazifasi qo‘yilgandi.
Shuningdek, farmonda elektr energiyasi uchun qarzdorlarni tarmoqdan uzib qo‘yish o‘rniga qarzdorlikni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini nazarda tutilgan. Elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga hisob-kitob davrida shartnomaviy miqdordan ortiqcha foydalanilgan resurslar uchun to‘lov bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritildi.
Avvalroq 1-iyuldan ayrim kompaniyalarga to‘lov tizimlariga ulanish majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi. Bu budjet tashkilotlari, gaz va neft sotuvchi hamda mulkni ijaraga beruvchi yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi.