Malayziyaning “Pro Events and Marketing Sdn Bhd” kompaniyasi O‘zbekistonda elektr skuterlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev kompaniyaning boshqaruv direktori Elayne Txam bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda kompaniya ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Malayziya tomoni O‘zbekistonda 3 va 4 g‘ildirakli ixcham elektromobillar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.
Dastlabki hisob-kitobga ko‘ra, yillik ishlab chiqarish hajmi 5 mingta skuterni tashkil etishi kutilmoqda. Keyinchalik Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilish salohiyati asosida bu ko‘rsatkichni 10 mingtaga yetkazish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Elayne Txam skuterlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali O‘zbekistonda aholiga yetkazib berish xizmati sifatining oshishini kutmoqda.
Bundan tashqari, u sog‘liqni saqlash sohasida sun’iy intellekt yordamida insonlarda tibbiy diagnostika o‘tkazish dasturiy ta’minotini joriy qilish bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida kompaniya rahbariyatining O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etishga kelishildi. Uning doirasida belgilangan loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganiladi.
2024-yilning noyabrida Xitoyning “China Baoli Technologies Holdings” kompaniyasi bilan Andijonda elektroskuter ishlab chiqarish zavodi qurilishiga boshlangandi.