Toshkentda bir kunda belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq 16 ta huquqbuzarlik aniqlandi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
12-mart kuni Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan poytaxt hududida duch kelgan nuqtalarga chiqindi tashlash holatlari yuzasidan reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Aniqlangan 16 ta holat yuzasidan huquqbuzarlarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 91−1-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shu bilan birga, ularga nisbatan jami 11,375 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91−1-moddasiga ko‘ra, belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (375 ming — 1,125 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (3,75 mln — 7,5 mln so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga BHMning 5−10 baravari (1,875 mln — 3,5 mln so‘m), mansabdor shaxslarga esa 20−30 baravari (7,5 mln — 11,25 mln so‘m) miqdorda jarima solinadi.
Ekologiya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahrida reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
12-mart kuni poytaxt hokimligi shaharda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reyd boshlanganini ma’lum qilgandi. Qoidalarni buzganlarga nisbatan qonunchilik doirasida ma’muriy javobgarlik choralari ko‘riladi.
Bundan oldin poytaxt hokimligi uylar uchun chiqindi limiti belgilangani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Aholi va tadbirkorlar uchun maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish xizmatlari odatdagi rejimda ko‘rsatilayotgani qayd etildi.
Avvalroq chiqindidan qarzdorlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklashga qaratilgan qonun qabul qilingani haqida xabar berilgandi.