“Umra” litsenziyasini olish uchun tadbirkorlardan arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Arizalar qabuli joriy yilning 7-martidan boshlangan bo‘lib, litsenziyalar “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun yakka tartibdagi litsenziya sifatida yuridik shaxslarga beriladi.
Nomzodlar quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari kerak:
- yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, faoliyatni amalga oshirish joyining manzili, STIR, bank nomi va hisobvarag‘i, litsenziya talablari va shartlariga rioya qilishga rozilik;
- kompaniya rahbari va xodimlari haqida ma’lumot (familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, manzili, pasport yoki ID-karta);
- qo‘mita “Ziyorat” jamg‘armasiga $1 mln miqdoridagi mablag‘larning to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat;
- ziyoratchilarga guruh rahbari etib diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassisni jalb qilish bo‘yicha O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va umra vazirligining “Umra” litsenziyasiga ega hamkor tashkiloti bilan imzolanadigan shartnoma nusxasi;
- ziyoratchilarni tashish va parvozlarni amalga oshirish bo‘yicha aviakompaniya bilan tuzilgan shartnoma nusxasi;
- ziyoratchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun zamonaviy binoda faoliyat yuritishi to‘g‘risidagi ma’lumot;
- fuqarolik javobgarligini sug‘urtalashni tasdiqlovchi sug‘urta polisining mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.
Arizani ko‘rib chiqish uchun BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m) miqdorida yig‘im, litsenziya berilganligi uchun esa BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida davlat boji olinadi.
Nomzodlar hujjatlarni joriy yilning 7-apreligacha (shu kuni ham 18:00 ga qadar) Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga jo‘natishlari mumkin.
Batafsil ma’lumotlarni 71 207−17−58 (ichki 124) raqamlari yoki qo‘mitaning Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 12-uy manzilidan olish mumkin.
O‘zbekistonda “Umra” tadbirlarini tashkil etish
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan “Umra” ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.
Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.
Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.
15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.
“Spot” litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.