Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida mamlakatning “Orano” guruhi va “Navoiyuran” korxonasi o‘rtasida yangi konni o‘zlashtirish bo‘yicha kelishuv imzolangandi. Loyihaga yangi hamkor — Yaponiyaning “Itochu Corporation” savdo va investitsiya guruhi ham qo‘shiladi.
Uch tomonlama kelishuv 2025-yil yakunigacha Navoiy viloyatining Tomdi tumani hududida joylashgan “Jongeldi” konida uran ishlab chiqarishni boshlashni nazarda tutadi. Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu bilan birga, ushbu kelishuv doirasida Fransiya kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan boshqa loyihalarda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish belgilanmoqda.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, “Jongeldi” konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichida umumiy kapital qo‘yilmalar miqdori 3 yil davomida $214 mlnni hamda yillik uran qazib olish o‘rtacha 500 tonnani tashkil etishi kutilmoqda.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, “Jongeldi” koni asosiy sarmoyadorlari xorijiy kompaniyalar bo‘ladi. Uran qazib olish tannarxini qisqartirish hamda loyiha doirasidagi ishlab chiqarish jarayonlarini mavjud sanoat quvvatlariga integratsiya qilish maqsadida loyihaning boshqaruvchi operatori “Navoiyuran” davlat korxonasi etib belgilanmoqda.
“Janubiy Jongeldi"dagi tasdiqlangan uran zaxiralari yillik 700 tonnalik eng yuqori hajmda 10 yildan ortiq vaqt davomida qazib olish imkonini beradi. Bundan tashqari, qo‘shma korxonaning resurs bazasini ikki baravar oshirish uchun geologik tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
2022-yilning iyul oyida prezident 2030-yilgacha uran qazib olish va qayta ishlashni ikki baravar oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Qarorda “Orano” mamlakat atom sanoatini o‘zgartirishda ishtirok etishi aytilgan.
O‘sha yilning noyabriga kelib, “Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi doirasida “Orano” va “Navoiyuran” strategik sheriklik to‘g‘risida bitim tuzdi. Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatoriga uran konlarini, jumladan, Jengeldini o‘zlashtirish kiritilgan.
2023-yilning kuzida “Orano” O‘zbekiston uranini qazib olish va qayta ishlashga $500 mlngacha investitsiya kiritishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi. Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov kompaniya Navoiy viloyatining Tomdi tumanida ikkita yangi uchastkada geologiya-qidiruv ishlarini olib borishini ma’lum qildi.