Vengriya o‘z himoyasidagi uch kishini Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ro‘yxatidan chiqarishga erishishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, quyidagi shaxslar sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishi kutilmoqda:
- Gulbahor Ismoilova — Alisher Usmonovning singlisi bo‘lib, uning xorijdagi ba’zi aktivlariga egalik qilishi taxmin qilinadi. 2022-yil 8-aprelda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
- Vyacheslav Moshe Kantor — tadbirkor, Yevropa Yahudiy Kongressining sobiq rahbari. 2022-yil 8-apreldan buyon sanksiyalari ostida bo‘lib, “Vladimir Putin bilan yaqin aloqalarga ega rossiyalik oligarx” sifatida tilga olingan.
- Mixail Degtyaryov — Rossiya Sport vaziri. Unga qarshi Yevropa Ittifoqi sanksiyalari 2014-yil 25-iyulda joriy qilingan. O‘sha paytda u Davlat Dumasi deputati bo‘lib, DNRni ochiq qo‘llab-quvvatlagan va Moskvada uning elchixonasi ochilganini e’lon qilgan.
Yevropa Ittifoqi diplomatlarining so‘zlariga ko‘ra, rasmiy qaror yaqin orada qabul qilinishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, hozirda Yevropa Ittifoqi davlatlari ikki mingdan ortiq rossiyaliklarga nisbatan sanksiyalarni yarim yilga uzaytirish bo‘yicha kelishuvga yaqin ekani aytilmoqda.
“Bloomberg” nashrining xabar berishicha, tadbirkorlar Mixail Fridman va Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan Vengriya, oxir-oqibat sanksiyalarni uzaytirishga rozilik bildirgan.
2024-yil may oyida Yevropa Ittifoqi sudi Gulbahor Ismoilovani sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni rad etgandi.
Gulbahor Ismoilova 2022-yil 8-aprelda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi, chunki u o‘sha yilning 28-fevralida sanksiyaga uchragan Usmonov bilan yaqin qarindoshi bo‘lgan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, Germaniya Federal sud politsiyasi boshqarmasi tergoviga ko‘ra, Usmonov o‘z singlisiga mol-mulkni bilvosita o‘tkazgan.
Xususan, uning singlisi “Dilbar” yaxtasining yagona benefitsiar egasi bo‘lib, Italiya va Latviyadagi hashamatli ko‘chmas mulk bilan bog‘langan, bu borada uning akasi Alisher Usmonov bilan aloqa o‘rnatilishi mumkin.
Ismoilova vakillarining ta’kidlashicha, yuqorida qayd etilgan aktivlarni nazorat qiluvchi trestlar ustaviga muvofiq, uning nomi YeIning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilganidan so‘ng darhol ularning benefitsiari bo‘lishni to‘xtatgan.
2024-yil mart oyida “BNE Intellinews” Ismoilova ushbu trestlardagi benefitsiar egalik huquqidan ixtiyoriy ravishda voz kechgani, ulardan hozir yoki kelajakda, hatto YeI sanksiyalari bekor qilingan taqdirda ham har qanday imtiyozlar olish imkoniyatini istisno qilgani haqida xabar berdi.
2022-yil aprelida Usmonov Yevropa sudiga YI Kengashiga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni bekor qilishni talab qilgan edi.
Avvalroq “Spot” Alisher Usmonov Germaniya nashri ustidan sudda g‘alaba qozongani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Gamburg sudi “Tagesspiegel” nashriga tadbirkor Alisher Usmonov haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishni taqiqladi.