Prezidentning 14-martdagi qarori bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasidagi “yashil” energiya eksporti to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Ushbu mamlakatlar bilan “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim 2024-yilning 13-noyabr kuni Bokuda bo‘lib o‘tgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sammiti (COP29) doirasida imzolangandi.

Energetika vazirligi xalqaro shartnomani amalga oshirish uchun mas’ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi. Hukumat hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari xalqaro shartnoma kuchga kirganidan keyin belgilangan tartibda uning qoidalarini amalga oshirishni nazoratga oladi.

Kelishuv Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan “yashil” elektr energiyasini uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berishni nazarda tutadi. Loyiha doirasida shamol va quyosh energiyasi eksport qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev “qayta tiklanuvchi energiya — bu iqtisodiy maqsad emas, balki kelajakka hissa qo‘shish, kelgusi avlodlar oldidagi mas’uliyat hissi natijasi” ekanini qayd etgandi.

Yevropaga “yashil” energiya koridori

2023-yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qilishdi.

O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.

2024-yilning avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashgan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida O‘zbekiston 2030-yilda Yevropaga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u TIAni ishlab chiqishga taxminan bir yarim yil kerak bo‘lishin va bu 2025-yil oxirigacha yakunlanishini ta’kidladi.

“Keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (Doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — „Spot“ izohi). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin $2 mlrddan ortiqni tashkil etadi”. — deya qo‘shimcha qilgandi Mamadaminov.

“Spot” muxbirining Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narx bozor yo‘li bilan belgilanishi, lekin bir kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropaga “yashil” elektr energiya eksporti mamlakat energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda amalga oshirilishini bildirdi.

Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.

“Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.

2025-yilda TIA asosida hujjatlar kelishuvi, moliyaviy manbalarni hal qilish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash amalga oshiriladi. Texnik-iqtisodiy asosda elektr energiyasini yetkazib berish hajmlari, loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va tomonlarning ulushdorlik asosidagi ishtiroki kelishib olinadi.

Vazir Ozarbayjon va Gruziya ham o‘z elektr energiyasini eksport qilishi mumkinligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini 2026−2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Loyiha 2028−2030-yilga borib ishga tushirilishi mumkin.

Avvalroq Qurilish vazirligi huzurida “Issiqlikta'minoti” kompaniyasi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. 1-iyundan binolarning loyiha hujjatlariga yashil energiya va issiqlik manbalarini o‘rnatish talabi kiritiladi.