11-mart kuni uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash sohasini isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan uy-joy va bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan barqaror ta’minlash hamda binolarning energiya samaradorligini oshirishning kelgusi 5 yildagi asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Bunda sohada yagona davlat siyosatini yuritish, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida strategik takliflarni ishlab chiqish, issiqlik ta’minoti korxonalari faoliyatini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi tashkilot tashkil etish nazarda tutilgan.
Markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulanmagan to‘rt va undan yuqori qavatli ko‘p kvartirali uy-joylarning isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish hisobiga bir xonadonning gazga bo‘lgan talabini kamida 20% ga kamaytirish belgilanmoqda.
Quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
- markazlashgan issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,6 ming km issiqlik tarmog‘i yangilanadi;
- DXSh asosida 9 ta, xalqaro moliya institutlari ishtirokida 13 ta shahar va tumanda modernizatsiya loyihalari;
- markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37% dan 58% gacha yetkaziladi, tizimdagi yo‘qotishlar 38% dan 20% gacha qisqartiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida “Issiqlikta'minoti” tashkil etiladi hamda vazirlikka issiqlik ta’minoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritish yuklatiladi.
2025-yilning 1-iyunidan moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda loyiha hujjatlarida binolarning o‘z ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va muqobil issiqlik tizimlari hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy o‘rnatish talabi kiritiladi.
Shu bilan birga, ko‘p kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning to‘liq o‘rnatilishi majburiy hisoblanadi.
Markazlashgan issiqlik ta’minoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan ko‘p kvartirali uy-joylar, ma’muriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlar bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy etib belgilanadi.
Joriy yilning 28-yanvar kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident resurs tejamkor iqtisodiyot modeliga o‘tish vaqti kelganini ta’kidlagandi. Mutasaddilarga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish topshirildi.
Fevral oyida Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatov davlat rahbari ko‘p qavatli uylarni “yashil” binolarga aylantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ularning energiya samaradorligini 30−35% ga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berganini ma’lum qildi.