Ramziddin Azizov yoshligidan milliy uslubdagi taqinchoqlarning yasalish usuli, ularning o‘ziga xosligiga katta qiziqish bilan qaragan. Oilasida zargarlar yo‘qligiga qaramasdan otasi doim uni qo‘llab-quvvatlardi. Kunlarning birida tayyor bo‘lishiga bir qadam qolgan taqinchoq noto‘g‘ri sayqallanishi oqibatida yaroqsiz holga keladi. Voqeadan tushkunlikka tushib qolgan Ramziddin o‘sha paytda otasining tasallisi ostida sohaga yanada mas’uliyat, tirishqoqlik bilan qaray boshlaydi.

Nafaqat amaliy balki nazariy jihatdan ham bilimlarini kengaytirib borishga qaror qilib ta’limini Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida davom ettiradi. Oliygohning o‘zidayoq u yasagan taqinchoqlar kursdoshlari orasida tezda ommalashib, o‘z xaridorlarini topa boshlaydi.

Shundan so‘ng unga zargarlik markazlarining birida yasagan buyumlarini sotib, ijod qilish imkoniyati beriladi. Markazdagi faoliyati davomida o‘z auditoriyasiga ega bo‘lgan yosh zargarda esa do‘kon ochish g‘oyasi paydo bo‘ladi.

2015-yil “Moviy gumbazlar xiyoboni"da “Ramz jewel” do‘koni o‘z faoliyatini boshlaydi. Bugungi kunga kelib brend milliy uslubdagi taqinchoqlarning ixlosmandlari orasida mashhur bo‘lib, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etib kelmoqda.

Brend asoschisi “Spot” bilan suhbatda qanday qilib zargarlik biznesiga asos solgani, ishni nimadan boshlash kerakligi, qimmatbaho taqinchoqlarni yasash jarayoni, ularning haqiqiyligini qanday aniqlash hamda zargarlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligi haqida so‘zlab beradi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video shaklda taqdim etilgan:



Tavakkalchilik bilan boshlangan biznes

Oliygohda o‘qib yurgan paytlarim qilgan ishlarimizni ko‘rgazmalarga qo‘yib borishardi. Ana shunday ko‘rgazmalarning birida yasagan zargarlik buyumlarimni ko‘rib, meni Toshkentdagi “International” mehmonxonasi yonginasidagi “Art Center Tashkent Plaza"ga ishga chaqirishgandi. Bu markazda turli zargarlar ishlab, o‘zlarining qo‘l mehnatlarini sotib borishgan. Aynan shu yerda yasagan buyumlarimni sotib, ijod qilishni taklif etishgan, u yerda ijara puli to‘lamasdik, sotgan zargarlik buyumlarimizga haq olardik. Shu tariqa faoliyatim boshlangan.

Markazda ish yaxshi ketayotgan, biroq men yanada ko‘proq insonlarni qamrab olishni, qilgan ishlarimni yanada ommalashtirishni istardim. Bu maqsad meni do‘kon ochib, faoliyatimni kengaytirishga undardi.

2015-yilga kelib zargarlik do‘koni ochishga qaror qildim va joy izlashga tushdim. Men uchun eng yaxshi lokatsiya “Buyuk ipak yo‘li” metrosi atrofi edi — u yerda avvaldan zararlarlik do‘konlari ko‘p va savdo yaxshi bo‘lardi. Bir kuni yaqinlarim boshqa joydagi “Moviy gumbazlar xiyoboni” yonida joylashgan do‘konlarning biri bo‘shagani hamda ijarachi qidirilayotgani haqida xabar berib qolishdi.

biznes, qimmatbaho metallar, ramz jewel, ramziddin azizov, zargarlik

Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot

U paytlar xiyobon eski holatda bo‘lib, odamlar qatnovi kam bo‘lardi. Ikkilandim, lekin tavakkal qilib, aynan mana shu yerdan do‘kon ochishga qaror qildim.

Boshida ijara uchun oyiga $450−500 atrofida to‘lardik, hozirgi kunga kelib joyni sotib olganmiz. Do‘kon ochayotganimda eng ko‘p o‘ylantirgan narsa javonlarni qanday qilib zargarlik buyumlari bilan to‘ldirish bo‘lgan. Chunki, ukam bilan ikkimizga butun boshli do‘konni qo‘l mehnatimiz bilan boyitish mushkul jarayon edi.

Tushunganingizdek, boshida ikki kishi ishlaganmiz — men va ukam, faqat hisobchini qo‘shimcha ishga olganmiz. Hozirgi kunga kelib esa 10 nafar ishchimiz bor.

Do‘konni endi ochgan paytimizda javonlarning faqat 40%idagina o‘zimizning, qolgan 60%ida esa boshqa zargarlarning ishlari bo‘lardi. Hozir esi buning aksi — taqinchoqlarimizni joylashga joy topa olmaymiz.

Xiyobondagi muvaffaqiyatli qadamdan so‘ng “Navro‘z” bog‘idan ham joy olindi. U yerda test rejimida ish boshladik. Lekin savdo kutganimizdek chiqmadi. Shunda bir xulosaga keldim: markaz degani doim ham odam keladi degani emas, muhimi odamlar oqimi.

Pandemiyadagi savdo

Faoliyatdagi yana bir burilish COVID-19 pandemiyasi paytiga to‘g‘ri keldi. Odamlarning birlamchi ehtiyoji oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlariga qaratilgan bo‘lsa, zargarlik buyumlari savdosi 10-darajaga tushib ketdi.

COVID-19 paytida, ertalab soat 10:00 gacha do‘konga kelib olardim, 17:00 gacha isharni tugatib uyga qaytardim. Umuman odam bo‘lmasdi — 3−4 kunda bir mijoz kelib nimadir xarid qilishi mumkin edi, xolos.

Lekin qanday qilib bo‘lsa ham savdoni muvozanatda ushlab turishga harakat qilardik. Marketingga ko‘proq urg‘u berdik: ijtimoiy tarmoqlarda sahifalar ochib, onlayn savdoni rivojlantirdik. Natija yomon bo‘lmadi. Foyda ko‘p qolmagan bo‘lsa ham pandemiya paytida savdoni ushlab turushga erishdik. Bugungi kunga kelib esa marketingga $300 atrofida sarflaymiz.

Taqinchoqlarning aslligini qanday farqlash mumkin?

Pandemiya tugagandan so‘ng, bir xaridorimiz bilan qiziq voqea sodir bo‘ldi. Talaba bo‘lgan xaridor do‘kondan yurakcha shaklidagi enli kumush kulon sotib oldi. Ertasi kuni do‘konimizga qaytib kelib, xarid qilgan kuloni kumush emasligini iddao qildi: “Sotgan kumush kuloningiz magnitni o‘zida ushlayapti. Haqiqiy kumush bo‘lsa magnit ushlamasligi kerak”, — dedi.

biznes, qimmatbaho metallar, ramz jewel, ramziddin azizov, zargarlik

Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot

Uning so‘zlarida jon bor, haqiqiy kumush magnit ushlamaydi. Qo‘lidan kumush kulonni olib, uni tekshirishga tushdim. Enli kulonni kavsharlash jarayonida issiqlik chiqib ketishi uchun bir qismi teshib qo‘yiladi.

Galtovkalash uskunasi ichida mayda metall simlar bo‘lib, kulon kavsharlangandan so‘ng unga solinadi. Aynan shu jarayonda teshik orqali bir nechta simlar kulon ichiga kirib qolib, metallni o‘ziga tortayotganini tushunib yetdim.

Kulonni ochib, mijozga ko‘rsatdim. Ichidan mayda simlarni olganimizdan so‘ng magnit kulonni tortmay qo‘ydi.

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida e’tibor berish lozim, ko‘pchilik xorijdan taqinchoqlar sotib oladi. Hindiston, Xitoy, Turkiya va Tailand kabi mamlakatlardan olib kelinadigan taqinchoqlarda asllik darajasi bo‘ladi.

Bunda kumushning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini aniqlashning bir yo‘li bor. Qaychi, egov yoki uy sharoitida pichoq bilan qimmatbaho buyumning ko‘rinmaydigan joyini qirib ko‘rish kerak. Agar uning ichida sariq, qizil rang bo‘lsa, bu uning kumush emasligini anglatadi. Ustiga kumush yugurtirgan bo‘lishadi, ya’ni uning asllik darajasi kam, ichida esa mis, latun yoki boshqa qandaydir qotishma bo‘lishi mumkin. Avvallari mijozlarimiz taqinchoqlarning aslligini tekshirish uchun ularni ko‘p olib kelishardi, hozir esa ularning soni kamaygan.

Yo‘qolib borayotgan feruza

Hozirgi kunga kelib feruza toshlari kamayib, uni topish muammo bo‘lib bormoqda. Men ishlatayotgan feruza toshlari ustalardan qolgan yoki eski taqinchoqlardan olingan. Xitoydan ham O‘zbekistonga feruzalar kirib kelmoqda, biroq uning ko‘rinishigina tabiiyga o‘xshaydi, xolos.

biznes, qimmatbaho metallar, ramz jewel, ramziddin azizov, zargarlik

Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot

Avvalroq feruza toshlarining donasini 5 ming 10 ming so‘mdan sotib olardik. Hozir uning narxida ham o‘sish bo‘lishi mumkin.

Yana bir kamayib ketayotgan toshlar qatoriga karal ham kiradi. Bu tosh dengiz atroflarida bo‘lib, uni qazib olish marjonqoyalar, dengizlarga zarar keltirgani sabab kamaygan. Ishlatayotgan karallarimiz esa eski, taqinchoqlardan olingan yoki bo‘ylagan karallar.

Eksportda kuzatiladigan masalalar

Zargarlik mahsulotlarini xorijga ekspert qilish qiyin masala. Lekin hozirgi kunda pochta orqali kumush zargarlik buyumlarini Rossiya, Qozog‘iston va Yevropa mamlakatlariga jo‘natishni boshlaganmiz. Unda ham ko‘p miqdorda emas.

Yevropa, Amerika va Rossiya bozori zargarlik mahsulotlarimizga ko‘proq qiziqish bildirishmoqda.

Bu jarayonning nozik jihati shundaki, uni pochtadan jo‘natayotganimizda yo‘qolib qolish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Bundan tashqari, zargarlik mahsulotini yuborayotgan davlatimizga chiqarish mumkin yoki mumkin emasligi aniqlanadi. Shundan so‘ng davlatga qarab narxlar belgilanadi, bu ham oz summa emas.

Masalan, xaridor $100 lik taqinchoq olayotgan bo‘lsa, unga belgilanadigan pochta xizmati narxi $20−30 ni tashkil etadi. Bu ham mijoz uchun noqulaylik tug‘diradi. Ba’zi davlatlarga esa pochta narxi bundan ham yuqori bo‘ladi.

Zargarlar uchun Top-5 maslahat

Birinchi navbatda, ko‘pchilik zargarlikni endi boshlayotganlarda qo‘l mehnatlari kam bo‘lib do‘kon ochishga ikkilanishlari mumkin. Lekin vaqt o‘tgani sari mehnat qilib qo‘l ishlari soni ko‘payadi.

Ikkinchidan, xorijdan qimmat narxga uskuna sotib olib, uni ishlata olmasangiz bu biznesingizga foyda keltirmaydi. Bugungi kunda O‘zbekistonda zargarlar ishlatishi mumkin bo‘lgan uskunalarning turli xil variantlarini topish va ulardan bemalol foydalanish mumkin.

biznes, qimmatbaho metallar, ramz jewel, ramziddin azizov, zargarlik

Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot

Shuningdek, zargarlik buyumlarini yasash jarayoni sabr-toqat talab qiladi. Ba’zida bir taqinchoqqa uzoq vaqt tikilib tursangiz ko‘zingiz tiniqib ketishi ham mumkin. Lekin sabr bilan davom etilsa, natija quvonarli bo‘ladi.

To‘rtinchi muhim narsa — bu joy tanlashda e’tiborli bo‘lish. Yuqorida aytib o‘tganimdek, markaz degani odam ko‘p keladi, degani emas.

Yana bir jihati, milliy uslubdagi taqinchoqlarni sotib oluvchilar auditoriyasi unchalik katta emas. Shunday ekan, xaridorlarning siz ishlab chiqargan mahsulotingizni sotib olmasliklariga tayyor turishingiz lozim.