Toshkentda o‘rtacha ta’mirlangan uylar uchun ijara narxlari pasayishda davom etmoqda. Bu haqda hukumat huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) tahlilida keltirilgan.

Institut mutaxassislari tomonidan joriy yilning fevral oyida poytaxtda uy-joylar uchun taklif etilgan ijara narxlari Olx.uz platformasidan olingan ochiq ma’lumotlar asosida tahlil qilindi.

O‘rtacha ta’mirdagi uylar uchun ijara narxlari 2024-yilning noyabr oyidan beri arzonlab kelayotgan bo‘lsa, to‘liq ta’mirlangan 3 va 4 xonali uylar uchun narxlarda ko‘tarilish kuzatildi.

Xususan, fevralda o‘rtacha ta’mirlangan xonadonlar uchun ijara narxlari o‘tgan yilning oktabr oyidan buyon sezilarli arzonladi. Ushbu segmentdagi 1 xonali ($323) uylar uchun narx 2,4% ga, 2 xonali ($393) — 5,2%, 3 xonali ($480) — 2,9% hamda 4 xonali ($545) uylar 12,5% ga pasaydi.

Bunday xonadonlar uchun taklif etilgan arzon ijara narxlari quyidagi tumanlarda taklif etilgan:

  • Sergeli: 1 xonali — $297, 2 xonali — $366, 3 xonali — $415, 4 xonali — $423;
  • Olmazor: 1 xonali — $288, 2 xonali — $351, 3 xonali — $417, 4 xonali — $488.

Nisbatan qimmat ijara narxlari:

  • Shayxontohur: 1 xonali — $347, 2 xonali — $462, 3 xonali — $568, 4 xonali — $694;
  • Yakkasaroy: 1 xonali — $383, 2 xonali — $511, 3 xonali — $646, 4 xonali — $675.

O‘tgan oyda to‘liq ta’mirlangan 1 (o‘rtacha narx — $420) va 2 ($592) xonali uylar uchun ijara narxlari o‘tgan yilning oktabr oyiga nisbatan mos ravishda 0,6% va 1,1% ga pasaydi. Ushbu toifadagi 3 ($857) va 4 ($1 160) xonali xonadonlar uchun narxlar oshdi — mos ravishda 2,8% hamda 3,8%.

To‘liq ta’mirlangan uy-joylar uchun taklif etilgan nisbatan arzon ijara narxlari quyidagi ikkita tumanda qayd etildi:

  • Sergeli: 1 xonali — $323, 2 xonali — $417, 3 xonali — $517, 4 xonali — $639;
  • Uchtepa: 1 xonali — $377, 2 xonali — $436, 3 xonali — $560, 4 xonali — $586.

Eng qimmati esa quyidagi tumanlarda kuzatildi:

  • Mirobod: 1 xonali — $485, 2 xonali — $746, 3 xonali — $1051, 4 xonali — $1344;
  • Shayxontohur: 1 xonali — $515, 2 xonali — $748, 3 xonali — $1094, 4 xonali — $1462.

Toshkentda ko‘p qavatli uylarga investitsiyalarning daromadliligi pasaymoqda. Ko‘rsatkich yanvar oyida 2024-yilning fevral oyidagi o‘rtacha 32,4% dan 7,6% gacha sekinlashdi. Uy-joylar narxi o‘zgarishidan ham, ularni ijaraga berishdan ham olinadigan daromadlar pasaygan.

Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yanvarda ko‘chmas mulk bozorida oldi-sotdi shartnomalari soni 25,5 mingtani tashkil etganini aniqlagandi.