O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi jarayonida O‘zbekiston va Rossiya bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining “LinkedIn"dagi sahifasida ma’lum qildi.
11-mart kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va uning o‘rinbosari Vladimir Ilichev bilan uchrashdi. Unda O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi doirasida bozorga kirish bo‘yicha “hal etilmagan masalalar” muhokama qilindi.
“Muzokaralar foydali, mazmunli va konstruktiv bo‘ldi. Hozir har ikkala tomon ham oldinga siljishdan manfaatdor”, — deb yozdi Urunov.
JST bo‘yicha maxsus vakil rossiyalik hamkasblariga taqdim etilgan materiallarga tezkor javob bergani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Rossiya Federatsiyasi Iqtisodiyot vazirligi rahbari o‘rinbosari Vladimir Ilichev o‘zbekistonlik hamkorlar bilan birgalikda Sankt-Peterburg, Astraxan, Moskva, Omsk va Sverdlovsk viloyatlarida savdo uylari, yirik transport-logistika va ulgurji-taqsimlash markazlarini ochish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qildi.
2024-yilning noyabr oyida Azizbek Urunov O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda Shveysariya kabi davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini qayd etgandi. Shuningdek, u bu kabi mamlakatlar “ko‘p qolmagani"ni bildirdi.
Seshanba kuni Rossiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov va bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalarini muhokama qildi. E’lon qilingan suratda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov va transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov ham borligini ko‘rish mumkin.
Shuningdek, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Denis Patrushev bilan kechgan uchrashuvda ikki davlatning agrosanoat sohasidagi hamkorligi ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekiston bozori bizning [rossiyalik] eksportchilarimiz uchun juda istiqbolli deb hisoblaymiz. Biz kungaboqar yog‘i, qandolatchilik, don va chorvachilik mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirishga tayyormiz”, — dedi bosh vazir o‘rinbosari Patrushev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari importini yanada oshirishdan manfaatdor va ularni to‘siqsiz olib kirish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.
JSTga a’zo bo‘lish harakatlari
2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.
Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.
Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda tashkilotga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.
Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 26-noyabr kuni o‘tkazilgan majlisida bosh vazir o‘rinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov eksportyorlarga beriladigan ba’zi soliq imtiyozlarining bekor qilinishiga izoh berib, bu Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bilan bog‘liqligini qayd etdi.