Avvalroq hukumat qarori bilan oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan ijtimoiy toifadagi abituriyentlarga bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10% gacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha granti ajratiladi. Ushbu toifadagi abituriyentlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.
Bunda muayyan bakalavriatura bo‘yicha grantga o‘tish balining 80%i va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlar ajratilgan grant asosidagi qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligi bilan talabalikka tavsiya etiladi.
Mazkur imtiyoz abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi yo‘nalishiga hamda unga kirishda Davlat komissiyasi tomonidan grantga belgilangan minimal o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Bundan tashqari, hukumat qaroriga ko‘ra, belgilangan toifadagi talabalar uchun OTMlarda fanlarni o‘zlashtirishning o‘rtacha ko‘rsatkichi (GPA) 3,5 va undan yuqori bo‘lgan talabalarga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti ajratiladi.
Ushbu tartib 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab kuchga kiradi hamda imtiyoz beriladigan toifalar ro‘yxati agentlik va vazirlik tomonidan tasdiqlanadi.
Avvalroq joriy yilgi qabul uchun test topshiriqlari soni va baholash tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Abituriyentlarga jami 5 ta fan bo‘yicha 90 ta test topshirig‘i beriladi hamda 189 ballgacha to‘plash mumkin.