Andijon viloyatida 5,3 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan sex aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” Andijon viloyat hududiy boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida nazorat tadbiri o‘tkazilgan.
Unda Xo‘jaobod tumanida “B.B.” MCHJ rahbari S.A. “Beshqovoq” MFY hududidagi tuz ishlab chiqarish sexida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblagich muhrini buzib, ohak ishlab chiqarish uchun tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.
Ushbu qoidabuzarlik natijasida dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra gaz ta’minoti korxonasiga 5,3 mlrd so‘mlik zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq “Spot” Jizzaxda 2 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalangan korxona aniqlangani haqida yozgandi.
Xususan, G‘allaorol tumanidagi korxona elektron gaz hisoblash uskunasiga o‘rnatilgan bir martalik tamg‘ani o‘zboshimchalik bilan olib tashlab, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan.