“Apple” kelgusi iPhone 17 Air modeli qalinligini kamaytirish maqsadida USB-C ulagichidan voz kechishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” Mark Gurmanga tayanib xabar berdi.
Gurmanning aytishicha, agar “Apple” bunday qarorni qabul qilganda, qurilmani zaryadlash faqat MagSafe yoki Qi orqali, ma’lumotlar almashinuvi esa bulut xizmati yoki AirDrop vositasida amalga oshiriladi.
Xabar qilinishicha, kompaniya o‘z vaqtida barcha ishlab chiqaruvchilarni yagona USB-C standartidan foydalanishga majbur qilgan Yevropa regulyatorlarining ehtimoliy munosabati tufayli bu g‘oyadan voz kechgan.
2024-yil yanvarida USB-C porti Yevropa Ittifoqida yagona standart etib belgilandi.
Unga ko‘ra, 2024-yildan boshlab Yevropa Ittifoqida sotiladigan barcha zaryadlovchi qurilmalar USB-C porti bilan jihozlanishi kerak.
Joriy yil yanvar oyida Yevropa Ittifoqida USB-C zaryadlash portisiz gadjetlarni sotish taqiqlangan edi. Biroq taqiq portativ kompyuterlar, shuningdek, USB-C sig‘maydigan kichik qurilmalar uchun amal qilmaydi.
Yangilik tarixdagi eng yupqa iPhone bo‘ladi — uning qalinligi hozirgi iPhone 16 modelining 7,8 millimetriga nisbatan taxminan 5,5 millimetrni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, iPhone 17 Air sentabr oyida “Apple Event” taqdimotida namoyish etiladi.
Avvalroq “Spot” “Apple” simsiz quloqchinlar uchun real vaqt rejimida tarjimon funksiyasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, funksiyaning joriy yil oxirida chiqishi rejalashtirilgan iOS 19 yangilanishi bilan paydo bo‘lishi kutilmoqda.