Prezidentning 14-martdagi qarori 2025-yilda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi.
Uning doirasida 2 mln nafar xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, 250 ming nafarini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, 250 ming nafarini oliy ta’lim bilan qamrab olish rejalashtirilmoqda.
Shu bilan birga, 50 ming nafar ehtiyojmand xotin-qizlarni sanatoriylarda sog‘lomlashtirish hamda ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkil etish belgilanmoqda.
Tadbirkor xotin-qizlar “Hamroh” dasturi doirasida qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan, joriy yilning 1-mayidan ularga “yashil” va IT-sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha grant ajratiladi.
Shu bilan birga, ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan xotin-qizlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi
Ayol tadbirkorlar tomonidan kredit hisobidan sotib olinayotgan asbob-uskunalar yetkazib berilgunga qadar “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan kafillik taqdim etilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga muvofiq, 1-iyulgacha “Tadbirkor ayollar” platformasi ishga tushiriladi. U orqali ayol tadbirkorlarga xomashyo sotib olishga ko‘maklashiladi, o‘zaro kooperatsiyani kengaytirish va mahsulotlarni sotish uchun bozor topishga yordam beriladi.
Platforma zarur mutaxassislarni izlash va ishga qabul qilish, shuningdek, loyihalar doirasida yuzaga kelayotgan muammolarini aniqlash va ularga yechim topishga qaratiladi.
Joriy yilning 1-mayidan “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Uning yordamida xotin-qizlarga quyidagilar bo‘yicha ko‘maklashiladi:
- o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lganlarga tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
- kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- mahalliy va xalqaro elektron platformalarda o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotish.
2025-yilning 1-avgustigacha Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish strategiyasi tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, yetakchi ishbilarmon ayollardan iborat Tadbirkor ayollar kengashi tashkil etiladi.
7-mart kuni Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, joriy yil 2 mln nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1,3 mlnini tadbirkorlikka jalb etish rejalashtirilganini qayd etgandi.