O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Xizmat “Kambag‘al oilalar reyestri” va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalarning o‘zgalar parvarishiga muhtojlik darajasi Bartel va Lauton shkalalari bo‘yicha 0 balldan 62 ballgacha bo‘lgan a’zolari uchun taklif etiladi.
Bunda autsorsing shartlari asosida xizmat ko‘rsatishga jalb etilgan tadbirkorlar haftada 5 ish kun 8 soatgacha xizmat ko‘rsatadi. Uning doirasida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
- shaxsga qarab turish (yiqilish va jarohatlanishning oldini olish);
- parvarishlash (ovqatlantirish, gigiyenik tadbirlarni amalga oshirish);
- muloqot qilish;
- o‘z-o‘ziga xizmat qilishga o‘rgatish va boshqalar.
Xizmatdan foydalanuvchilar bilan kelishilgan holda boshqa xizmatlar ham ko‘rsatilishi mumkin. Markaz bu xizmat o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarning yaqinlariga ishlash va daromad topish, oilasini farovonlikka olib chiqish imkonini berishini kutmoqda.
Undan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar “Inson” markazlariga yoki mahallalardagi ijtimoiy xodimlarga murojaat qilishlari mumkin.
2024-yilning iyun oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan Samarqand va Farg‘ona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazlarida shartnoma asosida mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi belgilangandi.
Prezidentning sentabr oyidagi qarori bilan esa joriy yilning 1-aprelidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga qarab turish xizmati tashkil etilishi nazarda tutilgan.
Joriy yilning fevral oyidagi davlat rahbarining qarori asosida nogironligi bo‘lgan bolalarni kunduzi parvarishlash xizmati uchun subsidiya berilishi ma’lum qilindi. Subsidiyalar har bir kun uchun hisoblanib, 3−7 yoshdagi har bir bolaga BHMning 25%i, 7−18 yosh uchun BHMning 27%i miqdorida ajratiladi.