“Telegram” asoschisi Pavel Durov o‘z kanalida Parijdan Dubayga ketganini tasdiqlagan post e’lon qildi.
“Eshitgan bo‘lsangiz kerak, Telegramdagi jinoyatchilar faoliyati bilan bog‘liq tergov tufayli bir necha oy Fransiyada bo‘lib, endi Dubayga qaytdim. Jarayon hali davom etmoqda, lekin uyda bo‘lish yoqimli”, — deb yozgan Durov.
U bunga imkon bergan tergov sudyalariga, shuningdek, moderatsiya, hamkorlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida “Telegram” yillar davomida nafaqat qonuniy majburiyatlarini bajarganini, balki ulardan ham oshirib yuborganini isbotlashdagi tinimsiz sa’y-harakatlari uchun advokatlari va jamoasiga minnatdorchilik bildirdi.
Bundan tashqari, bu kutilmagan safar davomida butun dunyo bo‘ylab qo‘llab-quvvatlagan millionlab insonlarga chuqur minnatdorchiligini izhor etib, bu u uchun juda qadrli ekanligini qayd etgan.
15-mart kuni “AFP” agentligi bir nechta manbaga asoslanib, Durov sud ruxsati bilan Fransiyani vaqtincha tark etgani va Dubayga yo‘l olgani haqida ma’lum qildi. Agentlik suhbatdoshlarining aytishicha, tergov sudyasi tadbirkorga “bir necha hafta"ga chiqib ketishiga ijozat bergan.
Durovning Parijda qo‘lga olinishi
2024-yil 24-avgust kuni Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Parij prokuraturasi unga nisbatan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish kabi ayblovlarni qo‘ydi.
“Telegram” jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.
Avgust oyi oxirida Parij sudi tadbirkorni garov evaziga ozod etdi. Durov sud nazoratiga olinib, unga Fransiyani tark etish taqiqlandi. “Telegram” asoschisi, shuningdek, 5 mln yevro miqdorida garov puli to‘lashi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelishi kerak.
6-sentabr kuni Durov birinchi marta hibsga olinishi bo‘yicha izoh berib, u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblanishini xato yondashuv deya qayd etdi.