Pavel Durov o‘ziga nisbatan jinoiy tergov olib borilayotgan Fransiyani vaqtincha tark etdi. Bu haqda “AFP” nashri bir nechta manbalarga asoslanib xabar bermoqda.
Biznesmenning ishi bilan tanish bo‘lgan agentlik suhbatdoshlaridan biri Durovning 15-mart kuni ertalab Parijdan uchib ketganini ma’lum qildi. U yana qo‘shimcha qildiki, mahalliy sud Durovga nazorat shartlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi so‘roviga javoban ruxsat bergan.
Boshqa bir manbaning aniqlashtirshicha, Durov “Telegram” bosh qarorgohi joylashgan Dubayga yo‘l olgan. Yana bir suhbatdosh ta’kidlashicha, tergov sudyasi unga “bir necha hafta"ga ketishga ruxsat bergan.
“Telegram” matbuot xizmati jurnalistlarning so‘roviga javob berishdan bosh tortdi. Biroq messenjer vakili keyinroq bayonot berishni va’da qildi.
2024-yil 24-avgust kuni Pavel Durov Fransiya politsiyasi tomonidan Parij aeroportida qo‘lga olindi. Parij prokuraturasi unga nisbatan noqonuniy tranzaksiya uchun onlayn platforma yaratish, huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortish kabi ayblovlarni qo‘ydi.
“Telegram” jamoasi Durovning hibsga olinishiga izoh berib, messenjer Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga amal qilishini hamda uning moderatsiyasi sanoat standartlariga javob berishini qayd etdi.
Avgust oyi oxirida Parij sudi tadbirkorni garov evaziga ozod etdi. Durov sud nazoratiga olinib, unga Fransiyani tark etish taqiqlandi. “Telegram” asoschisi, shuningdek, 5 mln yevro miqdorida garov puli to‘lashi va haftasiga ikki marta politsiyaga kelishi kerak.
6-sentabr kuni Durov birinchi marta hibsga olinishi bo‘yicha izoh berib, u boshqarayotgan platformada uchinchi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarda ayblanishini xato yondashuv deya qayd etdi.