14-mart kuni prezidentning mahsulotlar eksporti tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan farmoni qabul qilindi.
Ushbu hujjatning asosiy maqsadi eksport tartib-taomillarini Jahon savdo tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirishga qaratilgan.
2025-yilning 1-iyulidan boshlab 86 turdagi xomashyo tovarlari hamda ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlarga nisbatan eksport bojxona bojlari joriy etiladi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, farmon bilan ushbu tovarlarning stavkalari tasdiqlandi.
Xususan, charm xomashyosi va yarim tayyor charm mahsuloti, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mato tovarlariga nisbatan qo‘llaniladi. Amalda bu tovarlarni eksport qilish uchun uyushmalarning yig‘imlari belgilangan edu, endilikda esa ular bekor qilindi.
Shu bilan birga, go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, don, guruch, mineral o‘g‘itlar, charm xomashyosi, PET chiqindilar, rangli metall lom va chiqindilariga bojxona bojlari belgilanmoqda. Bu tovarlarni prezident yoki hukumat qarorlari asosida ruxsat berilgan holda eksport qilish mumkin edi.
O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash sanoatini qo‘llab quvvatlash maqsadida mamlakatda ishlab chiqariladigan strategik xomashyo mahsulotlariga ham bojlar joriy etiladi. Bularga tabiiy gaz, paxta tolasi va linti, mineral o‘g‘itlar, polietilen, polipropilen, polisterol, polietilentereftalat, PVX hamda mis xomashyosi kiradi.
Qo‘mita mazkur farmon eksport tartib-taomillarini takomillashtirishini, mahalliy xom ashyo asosida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirishi hamda qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini kutmoqda.
Avvalroq ayrim bojxona yig‘imlari pasaytirilgani haqida xabar berilgandi. Kuryerlik jo‘natmalari uchun alohida yig‘im stavkasi joriy etiladi. Bu 1 kg jo‘natma uchun BHMning 2%ini — 7 500 so‘mni tashkil etadi.