Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan soxta “Call-markaz” faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahar IIBB Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi hamda DXX xodimlari hamkorligida poytaxtda tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada, bir guruh shaxslar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uylardan birini ijaraga olib, “Call-markaz” faoliyatini yo‘lga qo‘ygani aniqlandi.
Ular soxta qo‘ng‘iroqlar orqali firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarni aldab, mol-mulklarini talon-toroj qilish bilan shug‘ullanib kelgan. Ushbu jinoiy guruhda ikki nafar tashkilotchi hamda 20 ga yaqin operatorlar faoliyat yuritgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilardan 15 mingdan ortiq fuqaroning abonent raqamlari va shaxsga doir ma’lumotlari, shuningdek, giyohvandlik moddalari, 35 dona uyali aloqa vositasi hamda 10 dan ortiq plastik kartalar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 278−4-moddasi (Kompyuter axborotini modifikatsiyalashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.
2024-yilda Ombudsmanga fuqarolar kartalaridan firibgarlik yo‘li bilan kredit olish bo‘yicha murojaatlar soni 42%ga oshgan. Tergovchilar topshirig‘iga qaramay, banklar firibgarlarga aldanib qolgan fuqarolardan kredit mablag‘larini to‘lashlarini talab qilmoqda.
Markaziy bank notanish raqamlardan qilingan qo‘ng‘iroqlarga javob berilganda kartadan pul avtomatik tarzda yechib olinishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirgandi. Qo‘ng‘iroqlarga javob berilganda kartadan pul yechilmaydi, biroq, login va parol hamda bir martalik kodni begona shaxslarga berish yoki zararli APK-fayllarni o‘rnatish holatlarida pul yechilishi mumkin.
Avvalroq “Telegram"da Alisher Usmonov nomidan guruh ochib, firibgarlik qilganlar ushlangani haqida xabar berilgandi. Yetti nafar shaxs 200 dan ortiq guruh ochib, fuqarolarni aldagan va pullarini o‘zlashtirgan.