Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, mahallalar obodligi va qishloq xo‘jaligidagi masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

11-mart kuni issiqlik ta’minoti sohasini tubdan isloh qilish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi tashkil etilib, hududlardagi 23 ta korxona uning tarkibiga o‘tkazildi. Keyingi besh yilda issiqlik tizimlarini tiklash uchun 19 trln so‘m yo‘naltiriladi. Markazlashgan issiqlik ta’minoti qamrovi 37% dan 58% ga yetkaziladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi. Qayd etilganidek, 9 mingta uy-joy va binolar yopiq isitish tizimiga o‘tkaziladi. Natijada issiqlik yo‘qotilishi 2 barobar, gaz iste’moli 20% ga kamayadi.

Yig‘ilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham to‘xtalib o‘tildi. Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning soddalashtirish choralari belgilandi.

Endi qishloq yerlarini auksionda bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning qiymati keyingi savdolarda kuniga 10% dan pasaytiriladi. Takroriy auksionda bitta ishtirokchi qatnashsa ham, g‘olib hisoblanadi. Yerning 10−20%i chorva uchun ozuqa ekishga chiqariladi.

auksion, dehqonchilik, fermer, issiqlik ta’minoti, prezident, qishloq xo‘jaligi, videoselektor

Hozirda 93 mingdan ziyod fermerlar faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanadi. Endi reyting hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi kabi mezonlar bo‘yicha alohida bo‘lishi ma’lum qilindi.

Yuqori reytingdagi fermerlarga kreditning qaytmaslik xavfini sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Yer solig‘i 3 barobar, fermerlar kengashiga to‘lanadigan badal 2 karra kamaytiriladi. Paxta va g‘allada me’yordan ko‘p hosil olganlarga 25% gacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat beriladi.

Prezident farmoyishi bilan e’lon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda olib borilayotgan dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari haqida axborot berildi.

Bahorda 125 mln tup ko‘chat ekilishi mo‘ljallangan. Bunda ekin joylarini to‘g‘ri tanlash, sug‘orishni yaxshilash muhim ekani ta’kidlandi. Jumladan, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda geomembrana qoplamali hovuzlar barpo etiladi.

O‘tgan yili tajriba tarzida 208 ta mahallada “mahalla-servis” kompaniyalari tashkil qilinib, aholiga 23 turdagi xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgandi.

Endi bu tizim kengaytirilib, yana mingta shunday kompaniya tuziladi. Xizmatlar turi ham kamida 30 taga yetkaziladi. Xitoy tajribasi asosida 5 ming kishi mahallaga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘qitiladi va 15 ming aholining bandligi ta’minlanadi.

Bu yildan 208 ta tuman va shahar obodonlashtirish bo‘limlari tarkibida ichki yo‘llarni saqlash uchastkalari tashkil qilindi. Ularga qo‘shimcha 5 turdagi maxsus texnika sotib olish uchun 700 mlrd so‘m ajratildi. Mutasaddilarga ichki yo‘llarni ta’mirlash, mahallalarda energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.