Oliy Majlis Senatining navbatdagi yalpi majlisida zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilariga soliq imtiyozlarini qo‘llashga qaratilgan qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Mamlakatda zargarlik sohasidagi korxonalar soni 3 baravarga ortib, 627 taga yetdi. Ulardagi xodimlar soni esa 3 ming nafarga yaqin. 2024-yilda ishlab chiqarish hajmi 2,5 trln so‘mni tashkil etib, ko‘rsatkich undan oldingi yilga nisbatan 15% ga o‘sdi. Eksport 20% ga ortdi.

Ishlab chiqaruvchilarning qimmatbaho metallarga bo‘lgan talabini qanoatlantirish, qulay biznes muhitini yaratish va qonunchilikdagi mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish zaruriyati yuzaga kelmoqda. Qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarining noqonuniy aylanmasi mavjudligi, mol-mulk va yer solig‘idagi imtiyozlar yetarli emasligi qayd etildi.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi hamda aylanmasi sohasidagi huquqbuzarliklarga nisbatan jarima miqdorlarini keskin oshirish rejalashtirilmoqda.

Qimmatbaho metallar va toshlardan yasalgan zargarlik buyumlarning noqonuniy aylanmasi, shuningdek, qalbaki, asillik darajasiga muvofiq bo‘lmagan mahsulotlar savdosidagi huquqbuzarliklar uchun BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha (11,25 mln — 18,75 mln so‘m) miqdorida jarimalar nazarda tutilmoqda.

Soliq kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan esa “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasiga a’zo ishlab chiqaruvchilar uchun 2027-yilning 1-sentabrigacha soliq imtiyozlari beriladi. Tadbirkorlarning ishlab chiqarishda foydalaniladigan yer uchastkalari hamda ko‘chmas mulk obyektlari mol-mulk va yer solig‘idan ozod qilinadi.

Qonunning qabul qilinishi ishlab chiqaruvchilarni xom ashyo bilan ta’minlanishini yaxshilanishi, eksport salohiyatini oshirishi, aholining sifatli zargarlik mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qanoatlantirishi hamda budjetga chet el valyutasi va soliq tushumlarini ko‘paytirishiga kutilmoqda.

2024-yilning may oyida qabul qilingan tegishli qonun bilan zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston hududiga olib kiriladigan qimmatbaho toshlar 2027-yilgacha QQSdan ozod qilindi. Undan keyin prezidentning tegishli farmoni bilan tayyor zargarlik buyumlariga nisbatan import bojxona bojlari 20% dan 10% gacha kamaytirilishi belgilandi.