Avvalroq “Spot” 11-mart kuni Shavkat Mirziyoyev issiqlik ta’minoti sohasini isloh qilish va binolarning energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha qarorni imzolagani haqida yozgandi.
O‘zbekistonda har bir davlat maktabgacha ta’lim muassasasini quyosh suv isitgichlari (geliokollektorlar) bilan jihozlash rejalashtirilmoqda, deyiladi prezident qaroridagi harakatlar rejasida.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova, iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov, mahalliy hokimliklarga quyosh suv isitgichlarini o‘rnatish masalasini o‘rganib, maktabgacha ta’lim muassasalari ro‘yxatini shakllantirish topshirildi.
Hukumat dastlabki qiymatni o‘rganib chiqishi va zarur moliyalashtirish miqdorini aniqlashi lozim. Bajarish muddati 2025-yil oktyabr oyigacha belgilangan.
Maktabgacha ta’lim muassasalarini yil oxirigacha geliokollektorlar bilan “to‘liq jihozlash” uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bajarilgan ishlar natijalari bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga axborot taqdim etish topshirildi.
Fevral oyida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov prezidentning ko‘p qavatli turar-joy binolarini “yashil” imoratlarga aylantirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali ularning energiya samaradorligini 30−35%ga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalari haqida ma’lumot bergan edi.
“O‘zenergo” boshqaruvchisi Ilhom Ne’matullayev ijtimoiy obyektlarga quyosh panellari va suv isitgichlar, harakat sensorlari o‘rnatish, shuningdek eshik va derazalarni yangilash rejalari haqida xabar berdi.
Avvalroq “Spot” Qurilish vazirligi huzurida Issiqlikta’minoti kompaniyasi tashkil etilishi haqida yozgandi.
1-iyundan binolarning loyiha hujjatlariga yashil energiya va issiqlik manbalarini o‘rnatish talabi kiritiladi.