Migratsiya agentligi Rossiyaning “KAMAZ” kompaniyasi bilan mutaxassislarni tashkiliy tartibda ishga joylashtirishga kelishdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Agentlik direktori Behzod Musayevning kompaniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvida bu bo‘yicha hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Kelishuv doirasida “Kamaz"da ishlash istagini bildirgan fuqarolar O‘zbekistonda kasb va tilga o‘qitiladi, qulay sharoitda tanlovlar o‘tkazilib, nomzodlar ishga joylashtiriladi.

Korxonada asosan yuk avtomobillari, avtobus, turli hajmdagi dvigatellar hamda maxsus texnikalar ishlab chiqariladi. Qayd etilishicha, hozirda bu yerda agentlik tomonidan yuborilgan 500 nafardan ortiq fuqaro ishlaydi.

Shuningdek, Tatariston bosh vaziri Aleksey Pesoshin bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Unda qo‘shma dasturlar asosida fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi va moslashuvini ta’minlash, patent rasmiylashtirish tartibini soddalashtirish masalalari muhokama qilindi.

Bosh vazir o‘rinbosari — Tatariston savdo-sanoat vaziri Oleg Korobchenko bilan kechgan muloqotda migratsiya sohasidagi loyihalar hamda yangi imzolanadigan shartnomalarni hayotga tadbiq etish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Hamkorlikni kuchaytirishga kelishildi.

Qozon Federal universiteti rektori bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida esa ushbu oliygohning Jizzax filialida Rossiyada ishlovchilar uchun sertifikat berish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Bu vaqtincha ishlash istagini bildirgan mutaxassislar uchun Rossiya qonunchiligi, tarixi va rus tili bo‘yicha o‘tkaziladigan majburiy imtihon jarayonlaridagi noqulayliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Ushbu tartib “tez orada yo‘lga qo‘yilishi” kutilmoqda.

Tatariston Qurilish, arxitektura va kommunal xo‘jaligi vazirligida tashkil etilgan uchrashuvda hududdagi yirik qurilish kompaniyalari bilan kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Tatariston Savdo-sanoat palatasida o‘tgan uchrashuvga ham 30 ga yaqin tadbirkorlar taklif qilindi. “Samarali kechgan” muloqotda tomonlar o‘rtasida shartnomalar imzolandi.

Agentlik mamlakat kompaniyalari bilan qurilish, logistika, avtomobilsozlik, haydovchilik hamda ishlab chiqarish sohalari bo‘yicha 7 ta kelishuv imzolanganini, ularda 11 mingta ish o‘rni aniqlanganini qayd etdi.

Bu kompaniyalar qatorida “Apgreyd staff”, “Kazanskiy DSK”, “Passajirskoye avtotransportnoye predpriyatiye №2”, “PPT Alabuga”, “KAMAZ”, “Arteks Stroy Proyekt” va “KZTM” kabilar bor.

Avvalroq Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, fuqarolarni Oltoy o‘lkasidagi qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda savdo sohalaridagi ishlarga qamrab olish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.