Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, mahallalar obodligi va qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bu yil 1 619 km ichimlik suvi, 521 km oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Natijada 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmog‘iga ulanadi, 157 ming iste’molchiga yangi hisoblagich o‘rnatiladi.

Davlat rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi ichimlik suvi bo‘yicha 340 mln yevrolik 3 ta loyiha kelishildi.

Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Sho‘rchi, Sariosiyo va Qumqo‘rg‘ondagi ichimlik suvi ta’minotini xususiy boshqaruvga olmoqda. Bu orqali viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovini 90% ga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Oqova tarmog‘ini kengaytirish uchun budjetdan har yili trillionlab mablag‘ sarflanmoqda. Lekin faqat shunga qarab qolmasdan, sohaga xususiy sektorni kengroq jalb qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Masalan, mahalliy tadbirkor Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Olmaliq, Bekobod, Angren va Chirchiq shahrida oqova suv tozalash inshootlarini qurmoqda. Yana bir tadbirkor Andijondagi ikkita tumanda suv va oqova xizmatlarini xususiy boshqaruvga olish tashabbusi bilan chiqqan.

Shu kabi xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish, yirik korxonalarning xalqaro tenderlarda qatnashish imkonini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Endi tenderlarni tezlashtirib, yil yakunigacha $850 mlnlik ishlarni bajarish topshirig‘i berildi.

Yana bir muhim vazifa — sohani raqamlashtirish. Buning uchun OTBdan $125 mln jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 800 ta telemetriya tizimini o‘rnatish rejalashtirilgan.

Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib, hisoblagich ishlab chiqarishni ko‘paytirish, ularga xizmat ko‘rsatishni bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘tgan yilning avgust oyidagi qabul qilingan prezident qarorida 2028-yil yakunigacha har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalar jalb qilinishi nazarda tutilgan. Bu toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87%ga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrovini 30%gacha oshirishi kerak.

Joriy yilning fevral oyida “O‘zsuvta'minot” raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev 2035-yilgacha bo‘lgan strategiya ustida ish olib borilayotganini, mamlakat bo‘yicha iste’molchilarning markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini 95% ga yetkazish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.