“Audi” 2029-yilgacha Germaniyada 7500 ta ish o‘rnini qisqartirishini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “Reuters” va “Bloomberg” nashrlari.

Qisqartirishlar mamlakatdagi xodimlarning taxminan 14%ini tashkil etadi, biroq zavod ishchilariga ta’sir ko‘rsatmaydi.

“WSJ” nashrining yozishicha, o‘rta muddatli istiqbolda bu va boshqa chora-tadbirlar avtomobil ishlab chiqaruvchiga yiliga 1 mlrd yevro tejashga yordam berishi kutilmoqda.

Shuningdek, nashr kompaniya boshqaruv tuzilmasini soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirish orqali ishchilar yukini qanday kamaytirishni o‘rganmoqchi ekanligini qo‘shimcha qildi.

“Reuters"ning xabar berishicha, “Audi"ning qarori bilan birga, “Volkswagen Group"da rejalashtirilgan qisqartirishlarning umumiy soni deyarli 48 ming ish o‘rniga yetadi.

“Volkswagen” 2024-yil oxirida kasaba uyushmasi bilan muzokaralarni yakunlab, 2030-yilgacha 35 ming ish o‘rnini qisqartirishini e’lon qildi.

Konsern ixtiyoriy ravishda ishdan ketgan yoki pensiyaga chiqqan xodimlar o‘rniga yangi ishchilarni yollashni to‘xtatadi, shuningdek, amaliyotchilarni qabul qilishni ham kamaytiradi.

2025-yil fevral oyida nazorat paketi “Volkswagen"ga tegishli bo‘lgan “Porsche” 2024-yilda e’lon qilingan 2000 ga qo‘shimcha ravishda to‘rt yil ichida yana 1900 ta ish o‘rnini qisqartirishini e’lon qildi.


Avvalroq “Spot” “Amazon” kompaniyasi ayrim ish o‘rinlarini qisqartirayotgani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, qisqartirish kompaniyaning aloqa va barqaror rivojlanish bo‘limlariga ta’sir qiladi.