O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan telekommunikatsiya sohasidagi ikkita strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining mamlakatdagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar berdi.

18-mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan imzolash marosimida xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yozef Sikela ishtirok etdi. Ikkala kelishuv ham Yevropaning Markaziy Osiyo uchun sun’iy yo‘ldosh internet dasturi (TEI Digital Connectivity) ga kiritilgan. Ularda SES sun’iy yo‘ldosh aloqa provayderi, Expertise France texnik hamkorlik agentligi va Yevropa investitsiya banki ishtirok etmoqda.

Xususan, “Markaziy Osiyo uchun aloqa” (C4CA) loyihasi mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaxshiroq bog‘lashga xizmat qilib, mintaqadagi raqamli tafovutni baratar etishga yordam beradi.

Ikkinchi “Markaziy Osiyoning olis hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi” loyihasi internetga ishonchli kirish imkoniyati cheklangan yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq va olis hududlar aholisi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanish sohalarida raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan.

“Yevropa Ittifoqi granti va YEIB krediti tufayli SES kompaniyasi Qozog‘iston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning chekka hududlarini internetga ulash uchun sun’iy yo‘ldosh texnologiyalari va yer usti terminallarini joylashtiradi” — dedi Sikela.

Bitim, shuningdek, sun’iy yo‘ldosh aloqasi sohasidagi siyosat va qonunchilik bazasi ustida ishlashni nazarda tutadi. Ushbu tarkibiy qismlar raqamli barqarorlikni mustahkamlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish uchun bir-birini to‘ldiradi.

Hujjatlarni imzolashdan oldin Yozef Sikela bilan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov o‘rtasida kechgan uchrashuvda soft-komponentni ishga tushirish, xususan, sun’iy yo‘ldosh interneti uchun normativ-huquqiy bazani yaratish allaqachon boshlanganini ma’lum qildi.

Joriy yilda olis hududlarda sun’iy yo‘ldosh raqamli aloqa stansiyalarini joylashtirishga kirishish rejalashtirilgan. Loyiha O‘zbekiston hududida mintaqaviy sun’iy yo‘ldosh shlyuzini joylashtirishni o‘z ichiga oladi. Uning yaratilishi “loyihaga kirmaydigan xarajatlarni talab qiladi”, biroq “to‘liq avtonomiya afzalliklarini” beradi, deya ta’kidladi Yevropa komissari.

Shlyuzning ishga tushirilishi mamlakatning qo‘shni davlatlar raqamli aloqasidan, ayniqsa, inqirozli aloqalarda mustaqilligini ta’minlaydi. Bundan tashqari, bu O‘zbekistonga loyihaning yana ikki ishtirokchisi — Qirg‘iziston va Tojikiston uchun xabga aylanish imkonini beradi.

Suhbatning yana bir mavzusi IT-xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘ldi. Shermatov O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan texnologiyalar sohasidagi hamkorligini kengaytirish muhimligini, shuningdek, Yevropa kompaniyalari uchun mahalliy bozor imkoniyatlarini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekiston va Turkiy davlatlar tashkiloti 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh uchirishi haqida xabar berilgandi.