2025-yil fevral oyida Yevropaga suyultirilgan gaz importi rekord darajada oshdi. Bu haqda gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi hisobotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Yoqilg‘i yetkazib berish o‘tgan yilga nisbatan 19%ga o‘sib, 11,99 mln tonnaga yetdi. Bunday tendensiya sovuq ob-havo sharoitida quvurlar ta’minotining qisqarishi va isitish uchun gazga bo‘lgan talabning oshishi bilan izohlanadi.
“Politico” nashrining yozishicha, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning suyultirilgan gaz importini butunlay taqiqlamadi, chunki u avval AQSh bilan yoqilg‘i yetkazib berish bo‘yicha kelishib olmoqchi.
“Yevropa Ittifoqi fevral oyida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni qabul qilganda, bosim kuchayib borayotganiga qaramay, amaldorlar Rossiya suyultirilgan tabiiy gaziga taqiqni kiritmadilar. Bunga sabab Donald Tramp bilan davom etayotgan muzokaralar edi: Yevropa Ittifoqi Vashington bilan kelishuvga erishmaguncha Rossiyadan keltirilayotgan yoqilg‘iga rasmiy taqiq qo‘yishni taklif etishni xohlamadi,” deya manbaning so‘zlarini keltiradi “RIA Novosti”.
2025-yil mart oyi boshiga kelib, Yevropadagi yer osti gaz omborlaridagi yoqilg‘i zaxiralari ularning umumiy sig‘imining deyarli 38%igacha tushib ketdi. Bu uch yil ichidagi eng past ko‘rsatkichdir.
Yevropa gaz infratuzilmasi operatorlari uyushmasi (GIE) ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich mart oyi boshidagi so‘nggi besh yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan 11,46% punktga orqada qolmoqda.
2024-yil 31-martda yakunlangan o‘tgan isitish mavsumini Yevropa davlatlari yer osti gaz omborlarining rekord darajadagi to‘ldirish ko‘rsatkichi — 58,44% bilan tugatdilar.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston gaz importini 2,4 barobarga, Xitoyga eksportni esa chorakga oshirgani haqida yozgandi. Mamlakat 2024-yilda ketma-ket ikkinchi yil tabiiy gazning sof importchisiga aylandi.