Google o‘z blogida Wiz kiberxavfsizlik startapini sotib olganini e’lon qildi.
Bitim qiymati $32 mlrdni tashkil etib, u to‘liq naqd pul bilan to‘lanishi kompaniya tomonidan ta’kidlandi.
TechCrunch’ning ta’kidlashicha, sotib olish hali regulyatorlar tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bitim yakunlangandan so‘ng, Wiz Google Cloud tarkibiga kiradi, ammo AWS, Microsoft Azure va Oracle Cloud kabi boshqa bulutli xizmat provayderlari bilan hamkorlikni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Google, shuningdek, boshqa kiberxavfsizlik kompaniyalari bilan hamkorlikni davom ettirib, mijozlar uchun tanlov imkoniyatini saqlab qoladi.
2020-yilda tashkil etilgan Wiz bulutli xizmatlarning kiberxavfsizligi bilan shug‘ullanadi. 2024-yil iyul oyi o‘rtalarida ommaviy axborot vositalari Google kompaniyani $23 mlrdga sotib olishni muhokama qilayotgani haqida xabar berdi.
Biroq startap kelishuvdan voz kechib, IPO o‘tkazishni rejalashtirdi. CNBC nashri manbasining aytishicha, bu qaror monopoliyaga qarshi qonunchilik va “investorlarning xavotirlari” bilan bog‘liq edi.
2025-yil 18-mart kuni TechCrunch manbalarga tayanib, Google Wiz’ni sotib olish bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, 2024-yil oxirida investorlar kompaniyani $16 mlrdga baholagan edilar.
Avvalroq Spot Google Android smartfonlarida ovozli yordamchi xizmatini o‘chirishi haqida yozgandi.
Biroq Google xizmatni o‘chirishning aniq muddatini aytmadi, uning o‘rnini Gemini chat-boti egallashi ma’lum bo‘ldi.