18-martdan Toshkent shahrida isitish mavsumi yakunlanadi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, isitish mavsumi o‘rtacha sutkalik havo harorati +8 darajadan yuqori bo‘lgan 5 kunlik davr tugagan kundan keyingi kundan tamomlanadi.

So‘nggi hafta davomida Toshkentda kunduz kunlari havo harorati +18−19 va undan yuqori, kechalari esa +8 darajadan pastga tushmayapti. Gidrometeorologiya markazining prognoziga ko‘ra, yaqin 5 kun ichida kunduzgi havo harorati +20−22, kechasi esa +10 darajadan yuqori bo‘ladi.

Ayni paytning o‘zida ham poytaxtda o‘rtacha sutkalik harorat +12−13 darajadan oshgan, bu isitish mavsumini yakunlash uchun belgilangan me’yorlarga mos keladi, deyiladi xabarda.

Shundan kelib chiqib, 2024−2025-yillardagi isitish mavsumi joriy yilning 18-martidan boshlab yakunlanadi.

2024-yilda Toshkent shahar hokimi qarori bilan, 5-noyabr kunidan poytaxtda issiqlik manbalaridan issiqlik muhitining aylanma harakati yo‘lga qo‘yildi. 7-noyabrdan issiqlik energiyasi bilan bosqichma-bosqich ta’minlash ishlari boshlandi.

11-mart kuni issiqlik ta’minoti sohasini tubdan isloh qilish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan “Issiqlik ta’minoti” kompaniyasi tashkil etilib, hududlardagi 23 ta korxona uning tarkibiga o‘tkazildi.

17-mart kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga ko‘p qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha topshiriq berildi.