14-mart kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan imzolangan qaror bilan “Yangi Toshkent” qurilishi uchun viloyatdan yana yer ajratilishi belgilandi.
Yuqori Chirchiq tumanidan Yangi Toshkent shahri qurilishiga 122,3 gektar yer maydoni o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Hujjat bilan Yuqori Chirchiq tumanidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan davlat zaxirasidagi 122,3 gektar yer “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi"ga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratildi.
Xususan, tumanning “Bordonko‘l” mahallasi hududidan jami 75,22 ga, “Do‘stlik” MFY hududidan esa 47,1 ga yer poytaxtning 13-tumani qurilishi uchun beriladi.
Direksiya prezident hamda hukumatning tegishli qarorlari bilan belgilangan talablar asosida yer maydonlaridan foydalanadi.
Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmasiga tegishli tartibda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamd davlat ro‘yxatidan o‘tkazish topshirildi.
“Yangi Toshkent” qurilishi
2024-yilning mart oyida Toshkent viloyatidagi qariyb 20 ming gektar yer maydonini “Yangi Toshkent"ga o‘tkazish ma’qullandi. Yuqori Chirchiq tumanidan 17,3 ming gektar, O‘rta Chirchiq tumanidan esa 2,4 ming gektar yer ajratilishi belgilandi.
Viloyat hokimi tomonidan imzolangan qarorda Yuqori Chirchiq tumanidan 33 ta (20 tasi to‘liq, 13 tasi qisman) va O‘rta Chirchiq tumanidan 7ta — jami 40ta mahalla (4tasi to‘liq, 3tasi qisman) Yangi Toshkentga o‘tkazilishi kerak edi. Biroq, Davlat kadastrlari palatasi bergan ma’lumotlardan ularning soni 37taga kamayganini ko‘rish mumkin.
“Yangi Toshkent” hududiga o‘tgan ko‘chmas mulk obyektlarining umumiy soni 19 723 tani tashkil etadi. Shundan 18 773 tasi turar joy, 891 tasi noturar joy hamda 52 tasi ko‘p qavatli uylar hisoblanadi. Oktabrda Yuqori Chirchiq tumanidan yana 110,4 gektar yer direksiyaga ajratib berildi.
O‘tgan yilning aprelida Shavkat Mirziyoyev “Yangi Toshkent"ning dastlabki binolari qurilishini boshlab berdi. Birinchi bosqich doirasida ikkita OTM kampusi bilan birga, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini o‘z ichiga olgan majmualar bunyod etiladi.
May oyida “Cross Works” kompaniyasi tomonidan “Yangi Toshkent” bosh rejasi taqdim etildi. Iyun oyida esa hukumat qarori bilan birinchi tuman qurilishining bosh rejasi tasdiqlandi.
Hududdan o‘tuvchi Chirchiq daryosining 6 km.ga yaqin qismida dam olish hududi barpo etiladi. Buning uchun qirg‘oqlar tartibga keltirilib, ko‘kalamzorlashtiriladi. Mehmonxona, sog‘lomlashtirish va ko‘ngilochar maskanlar quriladi.
“Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasining Arxitektura-shaharsozlik departamenti rahbari Jahongir Anvarov “Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishini “Spot"ga ma’lum qilgandi.
Avvalroq Bandlik vazirligi “Yangi Toshkent” qurilishiga ishga qabul qilish bo‘yicha maxsus bot ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi.