Majburiy ovoz to‘plangan loyihalar “Tashabbusli budjet” jarayonining ovoz berish bosqichidan chetlatiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyihaning joriy yilgi birinchi mavsumi 1-fevraldan boshlangandi. Hozirda uning doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda.

Vazirlik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi. Farg‘ona viloyatining Quva tumanidagi 37-maktabda majburiy ovoz berish holati tegishli vakolatli organlar tomonidan o‘rganilganda, haqiqatan ham maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlangan.

Vazirlik tomonidan mazkur maktabda majburiy ovoz to‘plangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yuzasidan tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborildi.

“Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida majburiy ovoz berishga jalb etish majburiy mehnat sifatida tasniflanadi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarlar ovoz to‘plashga majburlash holatlariga duch kelsa, Bandlik vazirligining 71 200−06−00 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qilishlarini so‘radi.

2023-yilgi oxirgi mavsum jarayonida “Tashabbusli budjet” doirasida xodimlarni majburiy ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilganlik uchun qanday jazo mavjudligi haqida ma’lumot berilgandi.