Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda aholining yo‘llardagi chuqurlarni o‘zlari to‘ldirayotgani haqidagi tarqalgan videolar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

7-martdan poytaxt ko‘chalaridagi yo‘l qoplamasini ta’mirlash ishlari boshlandi. Uning doirasida frezerlash, tozalash, asfalt yotqizish va maxsus texnikalar yordamida zichlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Hokimlik bu tadbirlar belgilangan texnologik talablar asosida, sifatli materiallardan foydalangan holda olib borilayotganini, xavfsizlikni ta’minlash uchun YHXBB xodimlari unga jalb qilinganini qayd etdi.

“Chuqurchaga sovuq aralashma to‘ldirib, mavjud vositalar bilan uni zichlash to‘liq ta’mirlash hisoblanmaydi. Bu muammoni hal qilmasdan qolmay, balki ba’zi hollarda vaziyatni yanada murakkablashtirishi, transport harakatiga va tashabbuskorlarning o‘zlariga qo‘shimcha xavf tug‘dirishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Poytaxt hokimligi bunday ishlarni olib borayotganlarni yo‘llarni o‘zboshimchalik bilan yamashdan tiyilishga va toqatli bo‘lishga chaqirmoqda. Barcha zarur ta’mirlash ishlari tasdiqlangan jadval asosida va texnik me’yorlarga rioya qilgan holda bajarilmoqda.

“Biz faol fuqarolik pozitsiyasi uchun shaharliklarga minnatdorchilik bildiramiz. Ushbu g‘ayratni yanada samarali yo‘naltirishga undaymiz — Xalq nazorati portaliga murojaatlar yuboring, noto‘g‘ri ta’mirlash holatlarini suratlar bilan qayd eting va ijroni kuzatib boring”, deya keltirildi hokimlikda.

Avvalroq Toshkentdagi mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari uzluksiz rejimga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Poytaxtdagi 26 ta ko‘chada jami 40 km uzunlikdagi 24/7 ko‘chalar tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda mingdan ortiq yangi tadbirkorlik nuqtalari ochilib, 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.