20-martdan Andijon xalqaro aeroporti yo‘lovchi reyslarini qabul qilishni boshlaydi. Bu haqda “Silk Avia” aviakompaniyasining e’lonidan ma’lum bo‘ldi.

Aviakompaniya Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishidagi muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ymoqda. US601/US602 reysi aeroport faoliyati tiklanganidan keyingi dastlabki reysi hisoblanadi.

Aviaqatnovlar haftaning seshanba va payshanba kunlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan jo‘nab ketish — 11:20, Andijonga yetib borish — 12:20;
  • Andijondan jo‘nab ketish — 13:00, Toshkentga yetib kelish — 14:00.

Chiptalar narxi bir tomonga 337 ming so‘mdan, borish va qaytish 674 ming so‘mdan boshlanadi.

2023-yilning sentabr oyida Andijon xalqaro aeroportida yangi aerodrom majmuasi qurilishining birinchi bosqichi boshlangandi. Joriy yilning 15-martiga kelib, rekonstruksiya ishlari yakunlandan keyin, aeroport “Uzbekistan Airways"ning Toshkent-Andijon yo‘nalishi bo‘yicha birinchi texnik reysini qabul qildi.

Rekonstruksiya ishlari doirasida aerodrom majmuasida uzunligi 3 300 metr va eni 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali uchish-qo‘nish yo‘lagi, bitta yurish yo‘lagi va 3 ta samolyot to‘xtash joyiga ega perron qurildi.

Aerodrom qoplamasining yangi elementlari betondan qurilgan. Qoplamaning yuk ko‘tarish qobiliyatini aniqlovchi tasnif raqami — PCN — 64/B/W/T. Bu aeroportga Boeing 787, 747, Airbus A330 kabi keng fyuzelyajli va quyi toifadagi samolyotlarni cheklovlarsiz qabul qilish imkonini beradi.

Shuningdek, aerodromda ikkinchi yurish yo‘lagi va 7 ta samolyotlar to‘xtash joyiga ega perron qurilishi davom ettirilib, ICAO CAT-II toifasidagi radar, meteorologik va yoritish uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu bir vaqtning o‘zida 10 tagacha samolyotga perronda xizmat ko‘rsatish, ularni tungi vaqtda hamda noqulay ob-havo sharoitida qabul qilish imkonini beradi.

Avvalroq 13-martdan Shahrisabz aeroporti vaqtincha yopilishi haqida xabar berilgandi. 25-martgacha 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan.