Temu marketpleysi yuridik shaxs — O‘zbekiston rezidenti sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi, deya xabar berdi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
“Biroq, o‘tgan davrlar uchun marketpleys bilan muhokama qilinadigan masalalar mavjud. Hozirda muzokaralar olib borilmoqda. Ushbu jarayon yakuniga yetkazilib, uning faoliyati yuzasidan yakuniy xulosa e’lon qilinadi”, — deyiladi qo‘mita xabarida.
Keyinchalik Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati Temu’ning bloklanishi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi.
“ILMA O‘zbekiston hududida Temu yuridik shaxsining ro‘yxatdan o‘tkazilganligi haqida ma’lumotga ega emas,” deya ta’kidlandi bayonotda.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi 20-martdan O‘zbekistonda Xitoyning “Temu” marketpleysi faoliyati cheklanishi haqida xabar bergandi.
2025-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar, jumladan, xabardor qilish tartibi va elektron tijorat subyektlarining maxsus reyestri joriy etiladi. Ushbu norma 2024-yilning 28-dekabridan kuchga kirgan (VMQ-885).
Temu mobil ilovasi o‘tgan yil oxiridan beri O‘zbekistondagi eng ommabop ilovalar qatoriga kiradi. Masalan, hozirda Xitoy marketpleysi App Store do‘konida ikkinchi o‘rinni egallasa, Google Play’da yetakchilik qiladi.
Joriy yilning yanvar oyida ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Temu platformasidagi past narxlar soliq majburiyatlarini bajaradigan va qonun talablariga rioya qiladigan mahalliy tadbirkorlarga jiddiy raqobat yaratayotganini qayd etdi.
Bundan tashqari, u Spot’ga bergan intervyusida taksi va marketpleyslar uchun yangi qoidalar nega kerakligi, ular bozorni qanday o‘zgartirishi va ularni bajarmaydigan kompaniyalarga nima bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.
Fevral oyi oxiriga kelib, Muhammadiyev O‘zbekistonda Temu marketpleysi bloklanishi mumkinligini ma’lum qildi. ILMA amlakatdagi faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha Temu bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib bormayapti.