TikTok yangi “Xavfsizlik tekshiruvi” vositasini taqdim etganini e’lon qildi. Bu haqda TechCrunch nashri xabar berdi.
Bu vosita foydalanuvchilarga o‘z hisoblarining xavfsizlik sozlamalarini bir ekranda tezda ko‘rib chiqish va yangilash imkonini beradi.
Mazkur funksiya TikTok’ning raqobatchisi Instagram hamda texnologiya giganti Google taklif etayotgan xavfsizlik tekshiruvi vositalariga o‘xshash.
Foydalanuvchilar profilidagi yangi vositaga “Sozlamalar va maxfiylik” bandini tanlab, keyin “Xavfsizlik va ruxsatlar” bandini bosish orqali kirishi mumkin.
Xavfsizlik tekshiruvi foydalanuvchilarga ijtimoiy tarmoq xavfsizlik funksiyalari bo‘yicha bosqichma-bosqich qo‘llanmani taklif qiladi.
Bu vosita foydalanuvchilarni hisoblarini yanada xavfsiz qilish uchun ko‘proq xavfsizlik funksiyalarini yoqishga undaydi.
Foydalanuvchilar telefon raqami va e-pochta manzilini ilovaga biriktirishi mumkin, shunda ular o‘z hisoblariga kirishni yo‘qotganda zaxiraviy kirish usulini olishadi.
Shunigdek, notanish qurilmadan hisoblariga kirishda qo‘shimcha xavfsizlik darajasini qo‘shish uchun ikki bosqichli tekshiruv funksiyasini ham yoqishi mumkin.
Bundan tashqari, xavfsizlik tekshiruvi qaysi qurilmalar hisobga kirganini muntazam ravishda tekshirish va endi foydalanilmayotgan yoki foydalanuvchi tanimaydiganlarini o‘chirish muhimligini ta’kidlaydi.
Bundan tashqari, vosita foydalanuvchilarga xavfsiz va tezkor kirish uchun Face ID yoki Touch Unlock kabi qurilmalarga asoslangan autentifikatsiya usullarini yoqishni taklif qiladi.
Avvalroq Spot TikTok ota-onalarga farzandlarining ijtimoiy tarmoqqa kirishini bloklashga ruxsat bergani haqida yozgandi.
Endi ota-onalar farzandlarining ilovadan foydalanish vaqtini belgilashi, obunalari va kuzatuvchilarini ko‘rishi, shuningdek, kimni bloklaganini ko‘rishi mumkin.