Transport vositasining identifikatsiya raqamini (VIN kod) olish bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushirildi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati xabar berdi.

Endilikda avtomobil ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar ushbu xizmatdan Yagona portal orqali foydalanishlari mumkin.

Yagona portal orqali ariza topshirishda hech qanday hujjat talab etilmaydi hamda xizmat uchun to‘lov narxi 10% lik chegirma bilan 10,125 mln so‘mni tashkil etadi.

VIN kodni olish uchun onlayn xizmat Texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan ko‘rsatiladi. Arizalar 6 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi.

VIN kod 17 ta belgi va uchta qismdan iborat: ishlab chiqaruvchining xalqaro identifikatsiya kodi (WMI), tavsiflovchi qismi (VDS) hamda ko‘rsatuvchi qismi (VIS). Har bir avtomobilga ishlab chiqaruvchi ushbu kodni qo‘ygan bo‘lishi kerak, u 30 yilga beriladi.

Bu kod orqali avtomobil tarixi, ishlab chiqarilgan joyi va boshqa muhim ma’lumotlarini aniqlash mumkin. Shu bilan birga, u xavfsizlikni ta’minlash va soxta avtomobillar savdosining oldini olishda muhim hisoblanadi.

Joriy yilning fevral hukumat qarori bilan transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangandi.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq binolar qurilishi va rekonstruksiyasiga tegishli hujjatlarni onlayn olish imkoni yaratilgani haqida xabar berilgandi.