Migratsiya agentligi va Qatarning Jusour rekruting tashkiloti o‘zbekistonliklarni ishga taklif etmoqda. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Fuqarolar mamlakatdagi Duty Free savdo tarmoqlarida savdo yordamchisi sifatida ishlashlari mumkin.
Ish haqi oyiga $700−750 ni tashkil etadi. Hozirda 20 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud.
Nomzodlar 21 yoshdan yuqori bo‘lishi, ingliz tilida erkin muloqot qila olishi (kamida B1 darajada) kerak. Rus tilini bilganlarga ustunlik beriladi.
Shu bilan birga, ulardan sudlanmaganlik hamda savdo va mijozlarga xizmat ko‘rsatish sohasida kamida 2 yillik tajribaga ega bo‘lish talab etiladi. O‘zbekistondan chiqishga taqiq bo‘lmasligi kerak.
Ish beruvchi tomonidan quyidagilar ta’minlanadi:
- Qatarga borish xarajatlari;
- ishchi viza;
- tibbiy sug‘urta;
- mahalliy transport kartasi yoki to‘lovlari;
- yotoq joy;
- oziq-ovqat xarajatlari.
Nomzodlar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari va CVlarni shakillantirishlari mumkin.
Agentlik ro‘yxatdan o‘tish ishga joylashishni kafolatlamasligini, nomzodlar ish beruvchilar tomonidan talabnoma kelib tushganda tanlovda ishtirok etishini qayd etdi.
Batafsil ma’lumotlarni bu yerdan yoki agentlikning 71 202−33−55 (ichki raqam 30) telefon raqamidan olish mumkin.
Avvalroq o‘zbekistonliklar Tataristondagi qurilish va avtomobilsozlik ishlariga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi. Migratsiya agentligi KAMAZ kompaniyasi bilan mutaxassislarni tashkiliy asosda ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlik shartnomasini imzoladi.