Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

O‘zbekistonda besh yilda venchur fondlar ishtirokida $145 mlnlik 53 ta startap loyiha amalga oshirildi. Muloqotda bu hali kamligi qayd etilib, 9 ta davlat banki 3 ta venchur kompaniya ochib, $50 mlnlik fond shakllantirgani biznesni boshlayotgan tadbirkorlarga katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

“Eng muhimi, bunday loyihalar iqtisodiyotga yangi yo‘nalish, texnologiya, innovatsiya va yuqori qo‘shilgan qiymat olib kiradi. Startap orqali yaratilgan yuqori samarali innovatsion mahsulot yoki xizmatlar texnik reglament va standartlarga kiritiladi. Bu ularga davlat buyurtmasi uchun yo‘l ochadi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari venchur fondlar mablag‘ining bir qismini sun’iy intellekt loyihalariga yo‘naltirish taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Yaratilgan sharoitlar hisobiga uch yilda 250 mingta yangi korxona ish boshladi. Ularning ko‘pchiligi “oyoqqa turib”, faoliyatini kengaytirishi uchun yer va bino kerak. Prezident hokimlar yerlarni tanlashda kengayish istagidagi, tayyor loyihaga ega tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarurligini qayd etdi.

Masalan, Yunusoboddagi “Mingboyev robotiks” korxonasi nogironligi borlar uchun protez va ekzo-skeletlar yasab, 100 ga yaqin odamni faol ijtimoiy hayotga qaytargan. Tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun nogironligi bo‘lgan odamlar bemalol kirib-chiqishi uchun qulay joy so‘ragan.

Yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kv.metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5 yilga bepul ijaraga beriladi.

Shu bilan birga, yangi tizim joriy qilinib, 15 ta tuman va shaharda barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1−2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi. Bu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Shuningdek, joriy yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trln so‘mga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m ajratiladi.

2024-yil dekabr oyida “IT Park” o‘zining $10 mlnlik venchur fondi — “IT Park Ventures"ni ishga tushirdi. Investitsiya fondi uchun ustuvor yo‘nalishlarga sun’iy intellekt, fintex, “yashil” yechimlar va geymdev kiradi.

Shu oyda Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirishda bank sektorining ishtirokiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi. Davlat banklariga mahalliy startaplarga $50 mlngacha mablag‘ ajratish uchun venchur fondlar tashkil etish topshirildi.

Yanvar oyida yettita davlat banki tomonidan $40 mlnlik “United Ventures” venchur fondi tashkil etildi. “Sug‘urta Bozor"ning sobiq hammuassisi Azizbek Qurbonov qo‘shma investitsiya fondining bosh direktori bo‘ldi. Undan keyin yana ikkita bank o‘z venchur fondlarini ochdi.

Avvalroq banklarga noturar joylarni developerlardan to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.