Avvalroq Shavkat Mirziyoyevning kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Yangi tadbirkorlar “oyoqqa turib olishi” uchun, ayniqsa, ular faoliyat boshlagan birinchi yilda qo‘llab-quvvatlash juda muhimligi ta’kidlandi.

Masalan, oxirgi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilganiga bir yil to‘lmasdan tugatilgan. Ayniqsa, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Jizzax viloyatlari mas’ullari yangi korxonalar bilan ishlashda eng orqada ekani ko‘rsatib o‘tildi.

“Bundan buyon, tadbirkorlikka endi qadam qo‘yganlar uchun „birinchi imkoniyat“ tamoyili joriy etiladi. Ya’ni, ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik qilgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish uchun imkoniyat beriladi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi ish boshlagan tadbirkorlar birinchi xato uchun „javobgarlikdan sug‘urtalangan“ bo‘ladi”, — dedi prezident.

Davlat rahbari tadbirkorlarda yangilik qilish, tannarxni pasaytirish, sifatni yaxshilash orqali yangi bozorlarga chiqishga ishtiyoq tobora kuchayib borayotganini ta’kidladi. Lekin ularning hammasi ham buning uchun qayerga borib, kimga uchrashish, qayerdan mutaxassis, yangi texnologiya olib kelishni bilmasligi qayd etildi.

Shu bois 20 ta tumanda kichik va o‘rta sanoat korxonalarini rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislari tashkil etiladi. Ularga xorijiy muhandis, texnolog, dizayner, buxgalter va marketologlar olib kelinadi. Bu maqsadlarga shu yilning o‘zida 100 mlrd so‘m ajratilishi belgilandi.

Loyiha ofislari korxonalarga tannarxni tushirish, sifat va texnologiyani yaxshilashga, ularni yiriklashtirib, sanoat darajasiga olib chiqishga ko‘maklashadi.

Bundan tashqari, kichik biznesda yangi “drayver” bo‘ladigan uskuna va dastgohlar, tibbiy vositalar, elektronika sanoati, logistika kabi sohalarda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida dasturlar qabul qilinadi