19-mart kuni o‘lchovli oltin quymalarning narxi yangi rekord ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
1 gramm oltin 1 mln 296 ming 930 so‘mga baholanmoqda. 5 grammlik o‘lchovli quyma 6 mln 485 ming so‘mdan sotilmoqda.
Regulyator tomonidan oltin quymalari bo‘yicha taqdim qilingan ma’lumotga ko‘ra:
- 5 gramm o‘lchovli oltin quyma narxi 6 mln 485 ming so‘m;
- 10 gramm oltin quyma narxi 12 mln 969 ming som;
- 20 gramm oltin quyma narxi 25 mln 939 ming so‘m;
- 50 gramm oltin quyma narxi 64 mln 846 ming so‘m;
- 100 gramm oltin quyma narxi 129 mln 693 ming so‘mni tashkil qiladi.
17-mart kuni oltinning jahon kotirovkalari troya unsiyasi uchun $3000dan oshdi.
Xabar nashr qilinayotgan vaqtda oltinning global narxi 1 troya unsiyasi uchun $3037,7ni tashkil qildi.
Yil boshidan beri oltin AQShning yangi prezidenti Donald Trampning savdo siyosati va jahon savdosidagi keskinlikning kuchayishi fonida eng daromadli aktivga aylandi. Qimmatbaho metallarga bo‘lgan talab dunyoning markaziy banklari tomonidan sotib olinishi bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
“Yahoo! Finance” xabar berishicha, tahlilchilar Oq uyning tarif bo‘yicha qarorlarini hisobga olgan holda oltin narxining yanada ko‘tarilishini kutmoqda. Jumladan, “Macquarie Group” vakili Markus Garvi oltin narxi ayrim hollarda $3500gacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda.