Italiyaning Il Foglio gazetasi sun’iy intellekt tomonidan to‘liq yaratilgan birinchi sonini chiqardi, deb yozadi The Guardian.
Qayd etilishicha, sun’iy intellekt barcha maqolalar, sarlavhalarni yozgan va hatto kinoyali izohlar ham qo‘shgan,
Il Foglio bosh muharriri Klaudio Cherasaning ta’kidlashicha, nashr sun’iy intellekt texnologiyalari zamonaviy jurnalistikani qanday o‘zgartirayotganini ko‘rsatish uchun ushbu tajribaga jur’at etdi.
“Bu butunlay sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan dunyodagi birinchi kundalik gazeta: maqolalar va sarlavhalardan tortib iqtiboslar va sharhlargacha,” — dedi Cherasa.
Il Foglio gazetasining sun’iy intelleky maxsus soni 18-mart kuni chiqdi. U to‘rt sahifadan iborat bo‘lib, ham bosma, ham onlayn shaklda mavjud.
Muharrirning tushuntirishicha, bu loyihada jurnalistlar faqatgina sun’iy intellektga savollar berish va javoblarni tekshirish bilan cheklangan.
Uning aytishicha, neyrotarmoq grammatik xatolarsiz, sodda va tushunarli maqolalar yozgan. Bunda birorta materialdа ham odamlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtiboslari keltirilmagan
An’anaviy jurnalistikadan farqli o‘laroq, bu sonda shaxsiy fikrlar, chuqur tahlillar yoki jonli suhbatlar o‘rin olmagan.
Cherasaning fikricha, ushbu tajriba sun’iy intellekt yangiliklar yaratish jarayoniga qanday mos kelishi mumkinligini tushunishga yordam beradi.
Avvalroq Polshada radiostansiya boshlovchilarini sun’iy intellekt bilan almashtirgani haqida xabar berilgandi.
Hozirda sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan uchta boshlovchi OFF Radio Krakov radiosida ishlamoqda.