O‘zbekiston Jizzax viloyatidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga Fransiya kompaniyalarini jalb etmoqchi. Bu haqda Fransiyaning “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (O‘zatom) direktori Azim Axmedxo‘jayev ma’lum qildi.

O‘tgan hafta Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga davlat tashrifi bilan borgandi. Tashrif davomida energetika masalalari muzokaralarning asosiy mavzusiga aylandi. Le Figaro gazetasi ta’kidlashicha, Fransiya O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi uran konlariga katta qiziqish bildirmoqda.

Bunga sabab Nigerdan yetkazib berishning ehtimoliy qisqarishi bo‘lib, bu holat Navoiyuran davlat korxonasi bilan hamkorlik qilayotgan Fransiyaning Orano kompaniyasi faoliyatiga xavf tug‘dirmoqda.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatning Fransiya bilan aloqalari faqat energetika sohasi bilangina cheklanib qolmasdan, boshqa sohalarni ham qamrab olishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.

“Biz Fransiyaning Assystem (texnik hamkor), Bureau Veritas (o‘qitish masalalari bo‘yicha) va Framatome (elektr stansiyalarini texnik boshqarish bo‘yicha) kabi bir qancha kompaniyalari bilan muzokaralar olib bormoqdamiz,” — dedi “O‘zatom” rahbari Azim Axmedxadjayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yadro energetikasida nafaqat texnologik, balki moliyaviy sabablarga ko‘ra ham hamkorlikni diversifikatsiya qilishni rejalashtirmoqda. “Fransiya — eng ilg‘or texnologiyalarni taklif qila oladigan mamlakat,” — deya qo‘shimcha qildi Ahmadxo‘jayev.

Bundan tashqari, joriy yilning kuzida O‘zbekiston-Fransiya universitetini ochish rejalashtirilgan bo‘lib, u bo‘yicha davlat tashrifi chog‘ida hukumatlararo bitim imzolandi. Shuningdek, Fransiya va O‘zbekiston Iqtisodiy palatasi raisi Joanna Golasning tushuntirishicha, bu Fransiya kompaniyalarining ilg‘or ish uslublarini hisobga olgan holda malakali mutaxassislarni joylarda o‘qitishga yordam beradi.

2024-yil dekabr oyida “O‘zatom” Assystem sho‘ba korxonasi bo‘lgan Fransiyaning Assystem Engineering and Operation Services kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi.

Fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik atom elektr stansiyasini qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qilgan edi.

Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi

Joriy yilning 27-may kuni “O‘zatom” va “Rosatom” kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.

Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati “Spot"ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Sentabr oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

“O‘zatom” huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.