Joriy yilning 1-sentabridan O‘zbekistonda maktab direktorlari, direktor o‘rinbosarlari hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlarining ish haqi oshiriladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.

Prezident tomonidan maktabgacha va maktab ta’limi sohasida boshqaruv tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan farmon imzolandi. Hujjat bilan maktab direktori va uning o‘rinbosarlari hamda bolalar bog‘chalari direktorlarining ish haqi miqdorlarini oshirish belgilanmoqda.

“Keyingi yillarda o‘qituvchilarimiz, bog‘chadagi pedagoglarimiz oylik maoshlarini oshirish, ustamalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha qator islohotlar qilindi va bu jarayon davom etyapti. Endilikda maktab direktorlari, ularning o‘rinbosarlari hamda bog‘chalarimiz rahbarlari maoshlarini oshirishga navbat yetdi”, — deb yozadi vazir.

Xususan, maktab direktori lavozimining bazaviy tarif stavkasi 20% ga, ularning o‘rinbosarlariniki esa 15% ga oshiriladi. Bog‘cha direktorlari lavozimlarining bazaviy tarif stavkalari III va IV guruhdagi maktab direktori o‘rinbosari lavozimining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtiriladi.

Bu mamlakatdagi 10 mingdan ortiq maktab direktori, 7 mingga yaqin bog‘cha direktorlari hamda 35 mingga yaqin maktab direktor o‘rinbosarlarining ish haqini oshirishi kutilmoqda.

Shuningdek, 2026-yildan maktab direktori jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan direktor va uning o‘rinbosarlariga faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida qo‘shimcha ustamalar berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu direktorlar uchun ularning bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20% ni, o‘rinbosarlar uchun esa 10% ni tashkil etadi.

Vazirlikning tuman bo‘limlarida qo‘shimcha shtatlar ajratiladi. Bu orqali o‘quvchilar bilimini baholashni monitoring qilish, xorijiy til va kasbga o‘rgatish vazifalarini amalga oshirish uchun tegishli lavozimlar joriy etilishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, vazirlikning hududiy bo‘linmalari xodimlarining ko‘p yillik xizmati uchun rag‘batlantirish tizimi joriy etilmoqda. Bu orqali 15 mingga yaqin boshqaruv xodimlari rag‘batlantiriladi.

Maktab xodimlari mukofot puli miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75%igacha (866 250 so‘m) etib belgilanmoqda. Amalda bu MHTEKMning 50% (577 500 so‘m) gacha edi.

Endi maktablarning bo‘sh turgan binolari ijarasidan tushgan mablag‘larning 75%i maktablar hisobida qoladi. Amalda 40%i umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida qolardi. Mablag‘lar maktab rivojiga sarflanadi.

Hilola Umarova pedagoglar faoliyati, maktabgacha va maktab tizimi moddiy tomonlama jozibador sohaga aylanishi uchun mavjdu muammolar bosqichma-bosqich hal etilishiga umid bildirdi.

Mamlakatda budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning ish haqi 2024-yilning 1-oktabridan 15%ga oshirilgandi.

Avvalroq pedagoglarga 70% gacha ustama to‘lash tartibi tasdiqlangani haqida xabar berilgandi. Vazir jamg‘armasidan oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxatini hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirish tartibi bekor qilindi.