Siemens kompaniyasi 6 mingdan ortiq xodimini ishdan bo‘shatadi. Bu haqda Interfax nashri xabar berdi.
Qisqartirish asosan ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yechimlari bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmaga ta’sir ko‘rsatadi.
Kompaniya xabarida aytilishicha, 2027-moliyaviy yil oxirigacha bo‘linma 5,6 mingga yaqin xodimni, jumladan, Germaniyada 2,6 ming kishini ishdan bo‘shatadi. 68 mingga yaqin kishi band bo‘lgan ushbu soha Xitoyda talab pasayishi oqibatida salbiy ta’sirga uchradi.
Bundan tashqari, elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalari bo‘limi shu yilning o‘zida 450 ga yaqin ish o‘rnini (Germaniyada 250 ta), ya’ni xodimlarning uchdan bir qismini qisqartirishni rejalashtirmoqda. Siemens bu faoliyatni alohida tuzilmaga ajratishni mo‘ljallamoqda.
E’lon qilingan rejalarga qaramay, kompaniya rahbariyati yaqin kelajakda Germaniyadagi xodimlar soni boshqa bo‘linmalarga yangi ishchilarni jalb etish hisobiga taxminan hozirgi darajada saqlanib qolishini ta’kidladi.
Avvalroq Spot Audi 2029-yilgacha Germaniyada 7500 ta ish o‘rnini qisqartirishi haqida yozgandi.
Qisqartirishlar mamlakatdagi xodimlarning taxminan 14%ini tashkil etadi, biroq zavod ishchilariga ta’sir ko‘rsatmaydi.